DSQ asossiz tekshiruvlar haqidagi xabarlarga izoh berdi
Jamiyat
−
30 may 2019
3682Kecha, 29 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda soliq organlari xodimlari Yakkasaroy tumani Abdulla Qahhor ko‘chasi, 22-uyda joylashgan umumiy ovqatlanish ob’ektiga asossiz ravishda tekshirish o‘tkazishga kelganligi haqida xabarlar tarqaldi. Bunday xabarlarga “Caravan Group” restoranlar tarmog‘i rahbari Timur Musin e’lon qilgan ma’lumotlar asos bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi mazkur ma’lumotlarni o‘rganib chiqdi va quyidagilarni ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tarkibida Yakkasaroy tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Taslimov ham jalb etilgan umumiy ovqatlanish ob’ektiga tashrif buyurgan Ishchi guruhi, hududni yanada obodonlashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun mavjud muammolarni o‘rganish va takliflar olish bo‘yicha tumandagi barcha mahallalarda ish olib bormoqda va tekshirish o‘tkazish vakolatiga ega emas.
Davlat soliq qo‘mitasi tadbirkorlik sub’ektlarida noqonuniy tekshirishlar o‘tkazish yoki ularning faoliyatiga noqonuniy aralashish holatlari kuzatilgan bo‘lsa, jiddiy chora ko‘rilishi va har bir tadbirkorning huquqlari himoya qilinishini ma’lum qildi.
Har qanday noqonuniy tekshirishlar va aralashuvlar bo‘yicha (71) 244-98-98 yoki 1198 qisqa raqamlari orqali Davlat soliq qo‘mitasining “Ishonch telefoni”ga xabar berishingiz so‘raldi.
LiveBarchasi