“Drujba”. Kiyev Vengriyani Zelenskiyga aql o‘rgatmaslikka chaqirdi
Olam
−
25 avgust 2025 6536 2 daqiqa
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga kecha, 24 avgust kuni vengriyalik mavqedoshi Peter Siyartoni Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyga buyruq bermaslikka chaqirdi. Bu haqda u Siyartoning X ijtimoiy tarmog‘idagi postiga javoban yozdi.
“Ukraina Prezidentiga nima qilish va qachon gapirish kerakligini aytishning hojati yo‘q. U Vengriyaning emas, Ukrainaning Prezidenti”, deb yozdi Sibiga.
Mojaroga Siyartoning Ukraina Mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Zelenskiyning bayonotiga munosabati sabab bo‘ldi.
Ukrainaning “Yevropeyskaya Pravda” nashrining yozishicha, Zelenskiy “Drujba” neft quvuridagi zarbalar Vengriyaning Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha pozitsiyasi bilan bevosita bog‘liqligiga ishora qilgan.
“Biz doimo Ukraina va Vengriya o‘rtasidagi do‘stlikni qo‘llab-quvvatlaganmiz. Endi do‘stlikning mavjudligi Vengriya pozitsiyasiga bog‘liq”, degan Zelenskiy.
Vengriya Tashqi ishlar vaziri esa Ukraina rahbarining bu so‘zlarini tahdid sifatida qabul qildi.
“Zelenskiy Vengriyaga tahdid qilish uchun Ukraina milliy bayramidan foydalandi. Biz Ukraina Prezidentining qo‘rqitishini qat’iyan rad etamiz”, deb yozdi Siyarto.
U, shuningdek, Zelenskiyni Vengriyaning energetik xavfsizligiga qaratilgan “hujumlarga chek qo‘yishga” chaqirdi. Siyartoning energiya xavfsizligi haqidagi so‘zlarini sharhlar ekan, Andriy Sibiga Vengriyani neft ta’minotini diversifikatsiya qilishga va “butun Yevropa kabi Rossiyadan mustaqil bo‘lishga” chaqirdi.
Ma’lumot uchun, 18 avgustga o‘tar kechasi Ukraina qurolli kuchlari Rossiya Federatsiyasining Tambov viloyatidagi “Nikolskaya” neft nasos stansiyasiga hujum uyushtirdi, oqibatda “Drujba” magistral neft quvuri orqali neftni haydash butunlay to‘xtatildi. Vengriya va Slovakiya 19 avgust kuni kechqurun Rossiya neftini quvur orqali yetkazib berish qayta boshlangani haqida xabar berdi.
Avvalroq, 13 avgust kuni Ukraina dronlari “Drujba” neft quvurining eng yirik tuguniga – Bryansk viloyatidagi “Unecha” chiziqli ishlab chiqarish-dispetcherlik stansiyasiga hujum qilgan edi. Rossiyadan Vengriyaga neft yetkazib berish ham vaqtincha to‘xtatildi. 21 avgust kuni Ukraina dronlari yana Unecha stansiyasiga hujum qildi. Hozirgi vaqtda neft Vengriya va Slovakiyaga quvur orqali yetkazib berilmaydi.
Live
Barchasi