Dronlar hujumi sabab Moskvaning to‘rtta aeroporti yopildi

Olam

−

image

Ukraina dronlari hujumi xavfi sabab Moskvaning to‘rtta yirik aeroporti 16 oktyabrdan 17 oktyabrga o‘tar kechasi tun davomida faoliyatini to‘xtatdi. Vnukovo, Domodedovo, Jukovskiy va Sheremetevo aeroportlarida cheklovlar yetti soatgacha davom etdi, 160 dan ortiq reys bekor qilindi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Moskva meri Sergey Sobyanin poytaxt tomon uchib kelayotgan 94 ta dron urib tushirilganini bildirgan. Shu kechaning o‘zida Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroporti ham ikki marta faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko esa hudud osmonida to‘rtta dron yo‘q qilinganini ma’lum qilgan.

Rossiyaning “Agentstvo” mustaqil surishtiruv nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Moskvaning to‘rtta aeroporti oktyabr oyining dastlabki 14 kunida jami 101 soat yopiq bo‘lgan. Bu sentyabr oyining butun davridagi 46 soatlik ko‘rsatkichdan ikki baravardan ko‘proq.

Shuningdek, joriy yilning 13 oktyabr kuni Ukraina Rossiya poytaxtiga qarshi eng yirik dron hujumlaridan birini amalga oshirgani, bu jarayonda qariyb 500 ta dron ishlatilgani aytilgan.

Avvalroq, 9 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni olib ketayotgan samolyot Turkmanistondagi sammitdan qaytishda dronlar hujumi sabab Moskvaga qo‘na olmay, Sankt-Peterburgga yo‘naltirilgani haqida xabar berilgan edi. Biroq Rossiya rasmiylari bu ma’lumotlarni tasdiqlamagan ham, rad etmagan ham.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina Rossiya aeroportlari faoliyatini izdan chiqarishga qaratilgan uyushgan kampaniyani rasman tasdiqlamagan. Nashrlar bu ehtimoliy operatsiyani “M&M operatsiyasi” deb atamoqda.

Ma’lumot uchun, Ukraina Rossiyaning harbiy, energetika va tijorat ob’ektlariga zarbalar berib kelmoqda. Bu hujumlar Moskvaning urush xarajatlarini moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya 14 oktyabrga o‘tar kechasi va ertalab Kiyevga raketa va dronlar bilan hujum qilgani haqida xabar berilgan edi. Oqibatda 4 kishi halok bo‘lgan, 27 kishi yaralangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing