Drondan foydalanganlik uchun jazoni yengillashtirish to‘g‘risidagi qonun ma’qullandi
Jamiyat
−
19 yanvar
4514Bugun, 19 yanvar kuni o‘tkazilayotgan Oliy Majlis Senatining qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida dronlardan foydalanganlik uchun jazoni yengillashtirish ko‘zda tutilgan qonun ma’qullandi.
Majlisda “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish bilan bog‘liq ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma kiritilmoqda.
Xususan, ma’muriy huquqbuzarlik natijasida aniqlangan uchuvchisiz uchadigan apparatlar davlat hisobiga musodara qilinishi, qonunga xilof ravishda harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinishi hamda ushbu toifadagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 244-4-moddasida belgilangan sanksiyalarga muqobil jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi jazo turlari kiritilmoqda, ya’ni shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.