“Dok-1 MAKS”ni fosh qilgan shifokorlar nega ishdan bo‘shatilgani tushuntirildi
Salomatlik
−
29 dekabr 2022 25517 2 daqiqa
Bugun, 29 dekabr kuni AOKAda Sog‘liqni saqlash vazirligining Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Sevara Ubaydullayeva ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda mas’ul “Dok-1 MAKS” dori vositalari voqeasi bilan bog‘liq muhim savollarga javob berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Dok-1 MAKS” voqeasini fosh qilgan tibbiyot xodimlari o‘z vazifasidan ozod etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Jumladan, Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori, professor Mamatqul Azizov egallab turgan lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilingan.
Sevara Ubaydullayevaga ko‘ra, Samarqand viloyatida kuzatilgan holat bo‘yicha vazifasidan ozod etilgan 7 nafar tizim mutasaddisi va tibbiyot xodimi o‘z vaqtida SSVga xabar bermagan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda bolalarda kuzatilgan holat boshlanganiga 2 oydan oshganligi o‘z tasdig‘ini topgan.
“Vaholanki, tizimga doir har bir favqulodda holat bo‘yicha shu kunning o‘zida vazirlikka tezkor ma’lumot taqdim etish zarurligi to‘g‘risida tegishli me’yoriy hujjat va talablar mavjud. Shunga qaramay, bu xodimlar 2 oydan beri bu holat to‘g‘risida Sog‘liqni saqlash vazirligiga xabar bermagan”, deydi Sevara Ubaydullayeva.

Oqibatda juda katta vaqt boy berilgan. Ya’ni bolalar o‘rtasida noaniq holatlar yuz bergach, zudlik bilan bu bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri Sog‘liqni saqlash vazirligiga xabar berilmagan.
Hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmasiga ham mazkur holat yuzasidan juda kech rasmiy xat kiritilgan. Shu sababli qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi va o‘rganishlar davom etmoqda.
Sohiba Komilovna
Live
Barchasi