Dog‘istonda “zapravka” portladi. 10 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
28 Sentabr
5288Kecha, 27 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Dog‘iston respublikasi poytaxti Maxachqal’adagi yonilg‘i quyish shoxobchasida ikkita portlash sodir bo‘ldi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u bir nechta mashina va binolarni vayron qilgan. Bu haqda TASS xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 10 kishi halok bo‘lgan. Bir necha kishi jarohatlangan. Voqea joyidan olingan kadrlarda tutayotgan xarobalarni ko‘rish mumkin. Mahalliy manbalarga ko‘ra, vayronalar ostida odamlar qolgan. Qurbonlar soni ortishi mumkin.
Portlash joyida 10 dan ortiq tez yordam brigadasi ishlamoqda.
“Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari Dog‘istondagi yong‘inni lokalizatsiya qildi”, deb xabar berdi Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
FVVning ma’lum qilishicha, yonilg‘i quyish shoxobchasidagi yong‘inga gaz ballonining portlashi sabab bo‘lgan.
Dog‘iston Respublikasi rahbari Sergey Melikov asosiy kuchlar hozirda yong‘inni o‘chirish va portlash sabablarini aniqlashga qaratilayotganini ma’lum qilgan. Shuningdek, u jabrlanganlarga yordam berish uchun barcha choralar ko‘rilayotgani, barcha jabrlanganlar shifoxonalarga yetkazilgani, ularga shifokorlar yordam ko‘rsatilayotganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 14 avgust kuni Dog‘iston poytaxti Maxachqal’adagi avtoservis binosida kuchli portlash sodir bo‘lgandi. Dastlab avtoservis binosi yonib ketgan, keyin olov yoqilg‘i quyish shoxobchasiga o‘tgan va kuchli portlash yuz bergan. Portlashdan deyarli 4 soat o‘tib yong‘in o‘chirilgan. 27 kishi halok bo‘lgan, ulardan uch nafari bolalardir. Bundan tashqari, 60 dan ortiq kishi jarohatlangan.