Dog‘istonda safarbarlikka qarshi namoyishlar boshlandi (video)
Olam
−
26 Sentabr 2022
12525Bugun, 26 sentyabr kuni Rossiya sub’ekti bo‘lgan Dog‘iston poytaxti Maxachqal’ada harbiy safarbarlikka qarshi namoyishlar qayta boshlandi. Noroziliklar Xasavyurtda ham o‘tkazilmoqda. Bu haqda mahalliy nashrlar yozmoqda.
1Adat Telegram kanali ma’lumotilariga ko‘ra, Xasavyurtdagi mitingda 100 nafarga yaqin odam qatnashmoqda. Politsiya hibsga olishni boshlagan, namoyishchilar ularga qarshilik ko‘rsatmoqda. Kuchishlatar tuzilmalar namoyishchilarni kaltaklab, ularga qarshi gazdan foydalanayotgani aytilmoqda.
Safarbarlikdan norozilar Kabardin-Balkariya poytaxti Nalchikda ham yig‘ilgan. Mahalliy amaldorlar ularning oldiga chiqqan. Biroq ular respublikadan qancha erkak armiyaga chaqirilishi rejalashtirilgani haqidagi savolga javob berishdan bosh tortishgan.
Qayd etish kerakki, Maxachqal’ada kecha, 25 sentyabr kuni ham safarbarlikka qarshi namoyishlar o‘tkazilgandi. Unda 120 ga yaqin odam hibsga olingan. Xabarlarga ko‘ra, qo‘lga olinganlar politsiya bo‘limida kaltaklangan va elektroshokerlar bilan qiynoqqa solingan. Sakkiz kishi politsiya xodimlariga hujum qilganlik ayblovi bilan jinoyat ishi ochilgan.
Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Rossiyada safarbarlik boshlandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, rezervda bo‘lgan va tegishli harbiy mutaxassislik va jangovar tajribaga ega fuqarolar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.
Hukumat portalida 35 yoshgacha bo‘lgan oddiy askar va serjantlar, 50 yoshgacha bo‘lgan kichik ofitserlar, 55 yoshgacha bo‘lgan katta ofitserlar birinchi navbatda safarbar qilinishi aytilgan. Safarbarlik ortidan rossiyaliklar ommaviy ravishda vatanini tashlab, xorijiy davlatlarga chiqib ketishni boshladi.
Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlik doirasida 300 ming kishini armiyaga olish rejalashtirilgan. Shuningdek, Rossiya oxirgi 10 yilda fuqarolikka qabul qilingan markaziy osiyoliklarni ham harbiy xizmatga jalb qilmoqchi ekani haqida xabar bergan edik.