“Dochki i sinochki”. Sobiq SSSR davlatlari rahbarlarining bolalari nimalar ortidan boyigan?
Tahlil
−
07 fevral 2022
55858XX asrning eng muhim voqealaridan biri 69 yil davomida dunyoning ikkinchi qutbi sifatida yashab kelgan SSSRning parchalanib ketishi hisoblanadi. Ushbu parchalanishdan so‘ng, dunyo xaritasida mustaqil 15 ta respublika paydo bo‘ldi. Mazkur SSSR mamlakatlarining sobiq va hozirgi rahbarlarining farzandlari elitaning bir qismi bo‘lib, ajoyib martaba orttirgan va yaxshigina biznes qilgan. Bugun mazkur elita qatlam vakillari haqida so‘z yuritamiz.
Qozog‘iston
Aliya Nazarboyeva – Qozog‘istonning sobiq Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning kenja qizi. U dastlab Qozog‘iston davlat universitetida, keyinchalik esa Londondagi Richmond, AQSHning Jorj Vashington universitetida tahsil olgan. Kenja Nazarboyeva Qozog‘iston Prezidenti ma’muriyatining umumiy bo‘limi maslahatchisi, mineral suv kompaniyasi bosh direktori, qurilish kompaniyasi direktorlar kengashi raisi bo‘lib ishlagan. Bundan tashqari, bir nechta filmlarga ham prodyuserlik qilgan.
Aliya uch marta oila qurgan. Ilk bor u Qirg‘izistonning birinchi Prezidenti Asqar Akayevga kelin bo‘lgan va uning to‘ng‘ich o‘g‘li Aydar bilan oila qurgan. Uning ikkinchi oilasi qozog‘istonlik tadbirkor Doniyor Hasenov bilan; uchinchisi, Dimash Do‘sanov bilan bo‘lgan. Dimash Do‘sanov “Kaztransoil” (mamlakat milliy neft kompaniyasi) bosh direktori va Qozog‘iston Milliy basketbol federatsiyasi prezidenti edi. Ammo Qozog‘istonda joriy yilning ilk kunlaridan boshlangan namoyishlar ortidan u lavozimidan ayrildi.
Yaqinda ommaviy axborot vositalari 41 yoshli Aliyaning Londonda qimmatbaho qasri bor ekanani fosh qildi. “The Sunday Telegraph” nashrining aniqlik kiritishicha, u 2006 yilda Buyuk Britaniya fuqaroligini olish uchun Londondagi qasrga 8,75 million funt sterling sarflagan. Bu hammasi emas. U 18 million funt sterlingga qimmatbaho Bombardier Challenger hashamatli samolyoti va Dubayda 14 million dollarga ko‘chmas mulk ham xarid qilishga ulgurgan.
Bu xaridlar oldidan Aliya Nazarboyeva Qozog‘istondan 300 million dollar olib chiqib ketgan. Uning xarajatlari moliyaviy maslahatchilarni insofsizlik, mablag‘larni o‘zlashtirish, firibgarlik va majburiyatlarni buzishda ayblab, ular bilan kelisha olmay qolganidan keyin ma’lum bo‘lgan.
Darig‘a Nazarboyeva – Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi. U Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetini hamda Kirov nomidagi Qozog‘iston davlat universitetini (hozirgi Qozog‘iston milliy universiteti) tamomlagan.
Darig‘a siyosatga 2000 yillarning o‘rtalarida kirib, Parlament quyi palatasi deputati bo‘lgan. 2015 — 2016 yillarda Nazarboyeva Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2016 yildan u Parlamentning yuqori palatasiga kirdi hamda xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasiga rahbarlik qila boshladi.
2019 yilning mart oyida Nazarboyeva Qozog‘iston Parlamenti Senatining raisi etib saylangan. Biroq 2020 yilning may oyida To‘qayev Darig‘a Nazarboyevaning senatorlik vakolatlarini muddatidan oldin tugatdi. O‘shanda buning sabablariga aniqlik kiritilmagan.
Nazarboyeva Parlament raisligidan iste’foga chiqqach, uning ismi G‘arb matbuotida kenja o‘g‘li Oysulton Nazarboyevning bayonotlari munosabati bilan tez-tez tilga olinardi. 2020 yilning fevralida Oysulton “Rossiya va Qozog‘iston hukumati o‘rtasidagi yirik korrupsiya” va “xalqdan o‘g‘irlangan milliardlab dollarlar” haqida ma’lumotga ega ekanini ma’lum qilgan, shuningdek, Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana so‘ragan. Bir necha oy o‘tgach, Qozog‘iston Birinchi Prezidentining nabirasi Londonda yurak to‘xtab qolishi oqibatida vafot etgan.
Aytgancha, “Forbes” ma’lumotlariga ko‘ra, milliarderlarning so‘nggi ro‘yxatiga qozog‘istonlik besh nafar biznesmen ham kiritilgan. Ular orasida Nazarboyevning yana bir qizi Dinara va kuyovi Timur ham bor. Ularning boyligi 2,9 milliard dollarga baholanmoqda. Dinara Nazarboyeva turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev bilan birgalikda aktivlari bo‘yicha Qozog‘istondagi eng yirik bank – “Halyk bank”ni (Xalq Bank) nazorat qiladi.
Belarus
Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenkoning uchta farzandi bor: Viktor, Dmitriy va Nikolay. Viktor Lukashenko hozir 46 yoshda, u harbiy martabaga erishgan (zaxiradagi general-mayor), uzoq vaqtdan beri Prezidentning Milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaradi va mamlakat Xavfsizlik kengashi a’zosi. Hozirda Viktor respublika Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti hisoblanadi. OAV 2020 yilning yozida Viktorning Shveysariya bankidagi hisobida 840 million dollardan ortiq mablag‘ topilganini yozgan.
Dmitriy Lukashenko 41 yoshda. U "Prezident sport klubi" respublika davlat-jamoat birlashmasi markaziy kengashi raisi lavozimini egallagan, shuningdek, Belarus Milliy olimpiya qo‘mitasi a’zosi. Uning moliyaviy holati haqida hech narsa ma’lum emas, ammo 2021 yilning dekabrida Dmitriyga AQSH Moliya vazirligi tomonidan “yuqori martabali korrupsionerga yaqin shaxs, tadbirkor va Belarus Prezidentining o‘rtancha o‘g‘li” sifatida sanksiya qo‘yilgan. 2021 yilning yozidan beri Dmitriy ham Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolmoqda.
17 yoshli Nikolay Lukashenko Belarus Prezidentining farzandlari orasida eng mashhuri hisoblanadi. U muntazam ravishda otasi bilan tadbirlarda qatnashadi. OAV Nikolayning Moskva viloyatidagi elita maktabida yoki Moskvadagi maktablardan birida o‘qiyotgani haqida xabar bergan.
Qirg‘iziston
Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Asqar Akayevning qizi Bermet Akayeva 2005 yilda mamlakatda yuz bergan inqilobdan so‘ng, reyd, korrupsiya va firibgarlikda ayblangan. Akayev esa prezidentlikdan ketgan.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Akayeva ayni vaqtda otasi bilan xorijda yashaydi, ota-bola Qirg‘iziston kelajagi haqida kitob yozgan. Akayevning qolgan ikki farzandi Rossiya istiqomat qiladi, o‘g‘li Aydar biznes bilan shug‘ullanadi, qizi Soadat moliya sohasida ishlaydi.
Ozarbayjon
Mashhur boboning nomi bilan atalgan kichik Haydar Aliyev Ozarbayjonning amaldagi Prezidenti Ilhom Aliyevning yagona o‘g‘li. Juda sirli odam. Ozarbayjon xalqi kichik Aliyevni kelajakda Prezident bo‘lishini xohlaydi. Ilhom Aliyevning o‘zi ham o‘g‘li haqida bo‘lajak merosxo‘r sifatida gapiradi.
Xorij ommaviy axborot vositalari Haydar Aliyevning badavlat yigit ekanligini ma’lum qilgan. Uning Ferrari avtomobili va Moskva viloyatida ulkan saroyi bor. Saroy Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Novo-Ogaryovo qarorgohi yonida joylashgan. U yana Londonda ham ko‘chmas mulkka egalik qiladi.
Kichik Haydar Aliyev ham harbiy xizmatni o‘tagan. Ozarbayjon Davlat xavfsizlik xizmatining Baku shahrida joylashgan elita bo‘linmalaridan birida xizmat qilgan. Hozir uning qayerda ekanligi noma’lum. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kichik Haydar Aliyev otasining “Yangi Ozarbayjon” siyosiy partiyasida muhim va maxfiy ishlarni amalga oshirmoqda.
Ilhom Aliyevning qizi Leylani OAV tez-tez eslab turadi, chunki o‘tmishda u taniqli qo‘shiqchi Emin Agalarovning rafiqasi bo‘lib, undan ikki o‘g‘il: Ali va Mikoilni dunyoga keltirgan. 2015 yilda u bilan ajrashgandan so‘ng, Aliyeva Mehribonlik uyidan Amina ismli bir qizni asrab olgan.
Leyla Aliyeva ko‘p yillardan beri “Baku” jurnalining bosh muharriri, bobosi nomidagi Haydar Aliyev jamg‘armasi vitse-prezidenti lavozimida ishlaydi. Aliyeva 2017 yilda Ozarbayjon Yoga Federatsiyasi prezidenti bo‘lib, o‘z vatanida ekologiya masalalari bilan band va yoga bilan shug‘ullanadi.
Rejissyor va kino prodyuseri bo‘lgan singlisi Orzu va akasi Haydardan farqli o‘laroq, Leyla ko‘proq jamoatchi. Uning Instagram`dagi rasmiy sahifasida millionlab obunachilari bor. Leyla Aliyeva 2018 yilda o‘zining "Tashakkur" va "Sukut" kitoblarini ommaga taqdim qilgan.
O‘zbekiston
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti, marhum Islom Karimovning ikki nikohdan uch farzandi bor. Katta o‘g‘li Pyotr Karimov hozir Moskva viloyatida yashaydi. O‘z vaqtida “Asia-Invest Bank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, sobiq Fond Forum Vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimova 2003 yildan beri jinoyatlariga javob berish uchun qamoqxonada.
Buyuk Britaniya poytaxtida Karimovaning ikkita uyi bor. Ularning biri Mayfair tumanida 8 million funt sterling (10,4 million dollar) va Belgraviya viloyatida 2 million funt sterling (2,6 million dollar)ga sotib olingan.
2018 yilning oktyabrida Britaniyaning katta miqdordagi firibgarlikka qarshi kurashish byurosi Gulnora Karimovaning korrupsion faoliyatidan topilgan pullar evaziga xarid qilingan uchta mulkni xatlash yuzasidan da’voni ilgari surgan edi. Biroq o‘shanda aynan qaysi ob’ektlar nazarda tutilganiga oydinlik kiritilmagan.
O‘tgan yili Fransiya rasmiylari Karimovaning Parijdagi kvartirasi, Sent-Trope hududidagi villa va Parij chetidagi qasrni sotib, pulini O‘zbekistonga qaytarishini ma’lum qilgandi.
Parijdagi kvartira allaqachon 14 million yevroga kimoshdi savdosiga qo‘yilgani ma’lum, bu xarid narxidan ikki baravar past.
Shveysariya prokuraturasi o‘zbekistonlik “ishbilarmon ayol”ning mamlakat banklaridagi hisoblarida muzlatilgan mablag‘larini O‘zbekistonga qaytarishga tayyor. Biroq aktivlar ma’lum shartlar bilan O‘zbekistonga topshiriladi. Rasmiy Toshkent pullarning qaytarilish jarayonining shaffof bo‘lishini, pullar aholi farovonligi hamda mamlakat rivojlanishi uchun ishlatilishini ta’minlashga kafolat berishi kerak.
2017 yil iyul oyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Karimovaga qarshi ikkinchi jinoiy ishni qo‘zg‘atgan. Buyuk Britaniyada Karimovaning 4,2 million funt (5,5 million dollar) miqdoridagi naqd puli, shuningdek, umumiy qiymati 22,9 million funt (30 million dollar) bo‘lgan uylari, kvartiralari va villalari borligi aniqlangan. OAVda Britaniya aktivlari orasida faqat “Londonning Chesham ko‘chasidagi to‘rt qavatli binoning” nomi tilga olingan.
2018 yil O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga qarshi soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash va o‘g‘rilik bo‘yicha ikkita jinoiy ish ochilgan edi. Ushbu ikki holatda davlat va fuqarolarning manfaatlariga yetkazilgan zararning umumiy hajmi 1 trillion 270 milliard 200 million so‘m, 1 milliard 651,8 million AQSH dollari, 26,1 million yevro ekani aytilgan.
2015 yilda Karimova besh yilga, 2017 yilda 10 yilga qamalgan. 2018 yilda ikkinchi holatda qamoq muddati besh yil ozodlikni cheklash bilan almashtirildi.
2019 yil boshida Karimova Zangiota ayollar koloniyasiga “jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qo‘pol ravishda buzganligi” uchun ko‘chirildi.
2019 yilning dekabr oyida Karimova reydlar bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh tuzishda ayblanib, yangi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ish doirasida yetkazilgan zarar 165 million dollar va 85 milliard so‘m (qariyb 9 million dollar)ni tashkil etdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning oilasi Moskvadagi uch qavatli pentxausning egasi hisoblanadi. Uning narxi 1,6 milliard rublga yoki 22 million 460 ming dollarga teng.
Surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu pentxaus “Radisson” mehmonxonasi binosida joylashgan va 2021 yilning oktyabr oyida sotuvga qo‘yilgandi.
Sotuv haqidagi e’londa pentxausning ichki qismi uchun tabiiy materiallar, italyan marmari, oniks hamda tabiiy yog‘ochdan foydalanilgani haqida so‘z boradi. Mebel esa “Roberto Cavalli” va “Versace” kabi jahon brendlaridan ekanligi aytilgan.
Pentxaus minoradagi 11-qavatdan boshlanadi. Ushbu qavatda hammom va kiyinish xonalari bo‘lgan ikkita yotoq xona hamda oshxona va keng zal mavjud. 12-qavatda esa mehmonxona va kir yuvish xonasi joylashgan. 13-qavatda ofis ko‘rinishidagi xona hamda Moskva daryosi, Oq uy va biznes markazini ko‘rish mumkin bo‘lgan terrasa bor. Bundan tashqari, ushbu pentxaus Moskvadagi eng qimmat turar joylar reytingida ikkinchi o‘rinni egallagan. Maydoni 500 kvadrat metrni tashkil qiladi.
Qayd etilishicha, joriy yil may oyidan buyon pentxausga Karimovning bevasi Tatyana Karimovaning jiyani – singlisi Tamara Sobirovaning o‘g‘li Anvar Abdullayev egalik qiladi.
Oilaning kenjasi Lola Karimova-Tillyayeva esa otasining vafotidan so‘ng, turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. U masofadan turib, “Sen yolg‘iz emassan” fondi hamda Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondini boshqarib keladi. U AQSHda "The Harmonist" attorlik buyumlari brendiga asos solgan.
2020 yilda Los-Anjelesda Lola Karimova-Tillyayeva va uning turmush o‘rtog‘i Temur Tillyayevga tegishli bo‘lgan 3 ta villa borligi ma’lum bo‘lgandi. Avgust oyida qarorgohlar sotuvga qo‘yildi. Uylarning har birining narxi o‘rtacha 6 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Ushbu uylarni xonim Karimova va janob Tillyayev bundan 6 yil avval, 2014 yil jami 16,1 million AQSH dollaridan sal ko‘proqqa, har birini alohida bitim bilan xarid qilishgan.
Lola Karimova va Temur Tillyayev ushbu uylarni xarid qilish uchun mablag‘larni Toshkentdagi “Abu-Saxiy” bozori faoliyatidan orttirgan. Bozor ularga 2013-2014 yillarning o‘zida 127 million AQSH dollari foyda keltirgan.
Ukraina
Ukrainaning Birinchi Prezidenti Leonid Kravchukning o‘g‘li Aleksandr Kravchuk qishloq xo‘jaligi biznesi bilan shug‘ullanadi. U 2014 yilda "Ukrainaning 200 ta eng boy odami" qatoriga kirgan. Biznesmenning boyligi 45,7 million dollarga baholangan. Uning “Nafkom Agro” kompaniyasi Vinnitsa, Poltava, Sumi va Chernigov viloyatlarida 200 ming gektarga yaqin qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga olgan Ukrainadagi eng yirik o‘nta yer egalaridan biri edi. Biroq kompaniya yerlarni o‘zboshimchalik bilan tortib olish, shuningdek, mahsulotlarni ilmiy asoslangan usullarga zid ravishda yetishtirishda ayblangan. Shu sabab biznesmenning kompaniyasi endi matbuotda deyarli tilga olinmaydi.
LiveBarchasi