DXMlarda nikohni tuzish va ajrashish uchun ariza berish mumkin bo‘ladi
Jamiyat
−
29 Sentabr 2022
9026Nikoh tuzish va ajratishni qayd etish uchun arizalarni DXM orqali qabul qilish bo‘yicha eksperiment o‘tkaziladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining kecha, 28 sentyabr kuni qabul qilingan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish tartiblarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qarorga muvofiq, tug‘ilganlikni tibbiyot muassasalari orqali fuqarolik dalolatnomalarini yozish bo‘limlarida qayd etish tartibi 2023 yil 1 yanvardan Toshkent shahrida, 2023 yil 1 iyundan esa butun respublika hududida joriy etiladi.
Tug‘ilganlik holati FHDYO bo‘limlarida qayd qilinganligi haqida tibbiyot muassasalari tomonidan QR-kod tasviri tushirilgan ma’lumotnoma beriladi va ushbu ma’lumotnoma tug‘ilganlik haqidagi gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi va davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qabul qilishni rad etish taqiqlanadi.
Nikoh tuzish va nikohdan ajratishni qayd etish uchun arizalarni Sirdaryo viloyatidagi tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkaziladi.
Huquqiy eksperiment 2022 yil 1 noyabrdan 2023 yil 1 iyulgacha amalga oshiriladi.
Shunga ko‘ra, qaror bilan Nikoh tuzish va nikohdan ajratishni qayd etish uchun davlat xizmatlari markazlari orqali arizalar qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik ma’muriy reglament tasdiqlandi.
Nikohga kirish haqida ariza berilganda nikohlanuvchi shaxslarning yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig‘inini xabardor qilish tartibi bekor qilindi.
LiveBarchasi