DXX raisi kubogi o‘z yakuniga yetdi. Tadbirda kuchishlatar tuzilmalar rahbarlari qatnashdi

Jamiyat

image

Joriy yilning 12-15 iyun kunlari Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tgan DXX raisi kubogi o‘z yakuniga yetdi. 

Qashqadaryo viloyatining “Samarqand” MFY jamoasi musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Finalda mag‘lub bo‘lgan Sirdaryo viloyati “Taraqqiyot” MFY jamoasiga kumush medallari nasib qildi. Jizzax viloyati “G‘ofur G‘ulom” MFY jamoasi Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Oq Mang‘it” MFY jamoasini mag‘lub etib, bronza medallariga ega chiqishdi.

Tadbirda Davlat xavfsizlik xizmati raisi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Abdumavlonovich Azizov, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati raisi Alisher Abrorovich Usmonov, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Razzoqovich Bobojonov, Mudofaa vaziri Bahodir Nizomovich Qurbonov ishtirok etdi. G‘olib jamoaga DXX raisi kubogini Abdusalom Azizov topshirdi. 

Birinchi o‘rinni egallagan jamoaga ular istiqomat qiladigan tumanda mini-futbol maydoni, ikkinchi va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalarga esa, “Workout” maydonchalari qurib berilishi aytildi va maxsus sertifikatlar topshirildi.

Shuningdek, “Eng yaxshi futbolchi”, “Eng yaxshi to‘purar”, “Eng yaxshi darvozabon” va “Eng yaxshi murabbiy” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanadi:

Farg‘ona viloyati vakili Fazliddin Sodiqov musobaqaning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan oltin to‘pni qo‘lga kiritdi. 

“Eng yaxshi to‘purar” nominatsiyasiga Sirdaryo viloyati vakili Farrux Bektemirov, “Eng yaxshi darvozabon” sifatida, buxorolik Siroj Salimov tan olindi.

Qoraqalpog‘iston jamoasi ustozi Serik Jalgasov esa, eng yaxshi murabbiy deb topildi.

Mini-futbol bo‘yicha o‘tkazilgan Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogining final bosqichiga 12 iyun kuni qur’a tashlangan edi. Yakuniy bosqichda Toshkent shahri, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan umumiy 14 ta jamoa ishtirok etdi.

Qur’a natijasiga ko‘ra, jamoalar quyidagi to‘rt guruhga bo‘lindi:

“A” guruhi: Xorazm, Farg‘ona, Toshkent; vil., Qashqadaryo
“B” guruhi: Namangan, Andijon, Jizzax, Samarqand;
“C” guruhi: Buxoro, Sirdaryo, Toshkent shahri;
“D” guruhi: Surxondaryo, Navoiy, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Har bir guruhda dastlabki ikkita o‘rinni qo‘lga kiritganlar chorak final bosqichiga yo‘l oldi. Mag‘lub jamoa esa, musobaqani tark etdi.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning aprel oyidan boshlab O‘zbekistonning barcha hududlarida mini-futbol bo‘yicha DXXning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlari kubogining saralash bosqichi o‘tkazildi. Unda 18-30 yosh oralig‘idagi yoshlardan iborat 7779 ta jamoa ishtirok etdi

DXX raisi kubogi bu yil ilk marta tashkil etildi. Tashkilotchilarga ko‘ra, musobaqa an’anaviy tarzda har yili o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Humoyun Oripov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

143

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing