DXX ikki viloyatda qariyb 1 mln dollarga yer sotmoqchi bo‘lganlarni ushladi

3-sahifa

image

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida noqonuniy yer sotish holatlarini aniqladi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, xorijdan avtomashinalar olib kelib, sotish bilan shug‘ullanuvchi, Toshkent shahrida yashovchi 40 yoshli shaxs Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida joylashgan fermer xo‘jaligi rahbari bilan kelishib, o‘zganing ishonchiga kiradi. Ular mazkur xo‘jalikning 16,5 gektar sug‘oriladigan yerini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 600 ming AQSH dollari talab qilishadi. Shuningdek, ular bu ishga 1987 y.t. shaxsni ham jalb qilishadi.

DXX va Bosh prokuratura xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ular so‘ralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana bir holatda, Toshkent shahrida yashovchi 1963 va 1975 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxsning ishonchiga kirib, unga “kovrak” o‘simligi yetishtirishi uchun Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani o‘rmon xo‘jaligi hududidan 1000 gektar yer maydoni ajratilishida yordam berishlarini aytib, evaziga 300 ming AQSH dollari talab qilishgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining viloyat prokuraturasi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda Qarshi shahrida o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida mazkur shaxslar so‘ralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovoldi surishtiruv harakatlari davomida ular ushbu noqonuniy ishni o‘zini go‘yoki O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi inspektori deb tanishtirgan, 1988 yil Qarshi shahrida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahrida istiqomat qilib, aslida xonandalik bilan shug‘ullanuvchi, muqaddam sudlangan shaxs bilan 80 ming AQSH dollari evaziga hal qilishga o‘zaro kelishib olganliklari ma’lum bo‘ldi va tezkor tadbir davom ettirilib, Toshkent shahrida dastlabki 24 ming AQSH dollarini olgan vaqtida u ham ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

104

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing