DXX Andijonda MCHJ rahbari, Samarqandda advokatni noqonuniy yer sotayotganda ushladi
3-sahifa
−
27 yanvar 2022
5756Andijon, Jizzax, Samarqand va Xorazm viloyatida noqonuniy yer sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Andijon shahridagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining rahbari o‘zganing ishonchiga kirib, unga 6 gektar maydonda qurilayotgan 240 ta do‘kondan iborat bo‘lgan savdo kompleksining 10 ta savdo do‘konini sotmoqchiligini aytgan. U qurilish ishlari o‘zi rahbarlik qilayotgan MCHJ tomonidan amalga oshirilayotganligini bildirib, mansabdor tanishlari orqali do‘konlarning kadastr hujjatlarini hamda shahar hokimining tegishli qarorini chiqartirib berishni va’da qilgan.
MCHJ rahbari buning evaziga 117 ming AQSH dollari so‘rab, oldindan 60 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Jizzax viloyatida kuzatilgan holatda esa Zomin tumanida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro yer maydonlarini sotishga vakolati bo‘lmasada, o‘zganing nomida bo‘lgan fermer xo‘jaligining 50 gektar lalmi yer maydonini viloyat hokimligi va kadastr tizimidagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga xaridordan 250 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, Samarqand viloyatida ham bu borada tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Samarqand shahridagi advokatlik byurosi advokati o‘ziga ijara huquqi asosida berilgan Jomboy tumanidagi 4 gektar yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga undan 23 ming dollar talab qilib, oldindan 15 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Xorazm viloyatida qayd etilgan holatda Hazorasp tumanida yashovchi 1959 yilda tug‘ilgan fuqaro aldov yo‘li bilan o‘zganing ishonchiga kirib, aslida tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 6 sotix yerni go‘yoki o‘ziniki ekanligini aytib, ushbu yer uchastkasini unga 10 ming 500 dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xabarga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi