DXX hokimlik, statistika va pensiya tizimidagi ayrim mansabdorlarni qo‘lga oldi (video)

3-sahifa

image

Andijon viloyatida hokim o‘rinbosari, Statistika bo‘limi boshlig‘i hamda Toshkent viloyatida Pensiya bo‘limi rahbari pora olayotganida ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xonobod shahar hokimi o‘rinbosari va spirtli ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJning muqaddam sudlangan rahbari o‘zaro til biriktirib, mahalliy tadbirkorga matras, profnastil va bolalar tagliklari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishi uchun hokimlik zaxirasida bo‘lgan 4 gektar yer maydonini alohida lot sifatida auksion savdoga qo‘ydirib, 2 milliard so‘mga yutib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 20 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Shuningdek, Andijon tumani hokimining sobiq o‘rinbosari, Andijon shahar statistika bo‘limi boshlig‘i va 2 nafar shaxs o‘zaro til biriktirib, kelgusida bolalar mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zavod qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorga “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi hududidan 6 gektar yer maydonini auksion savdo orqali olib berish evaziga 600 ming dollar talab qilib, oldindan 150 ming dollar olgan vaqtida ushlangan. Shu bilan birga, mazkur noqonuniy ishga Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari, hozirda xususiy bandlik agentligi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelayotgan fuqaroning ham aloqadorligi aniqlanib, u ushbu masalada tadbirkorga yordam berish evaziga muqaddam 11 ming dollar olgani ma’lum bo‘lgan.

Toshkent viloyatida qayd etilgan holatda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining Ohangaron tuman bo‘limi boshlig‘i mahalliy fuqaroning yo‘qolgan mehnat daftarchasini tiklab, uni yoshga doir pensiyaga chiqarib berish evaziga 1500 dollarni pora sifatida olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan. Ushbu mansabdor shaxs muqaddam Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan sudlangan.

DXXga ko‘ra, hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani hokimining o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushgandi. Shuningdek, agentlik va inspeksiya xodimlari ham qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

pora DXX pensiya statistika jinoyat ishi hokim o'rinbosari mansabdorlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing