Diyora Keldiyorova Ijtimoiy himoya agentligi vakili bo‘ldi
Sport
−
23 avgust
13575Olimpiada chempioni Diyora Keldiyorova Ijtimoiy himoya milliy agentligining Gender tengsizligi va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlandi. Bu haqda agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ma’lum qildi.
“Diyoraning Olimpiadadagi g‘alabasi ilg‘or o‘zgarishlar uchun katalizator bo‘lib, butun dunyoga O‘zbekistonning teng imkoniyatlar va hadsiz salohiyatlar mamlakati ekanini namoyish etadi. Diyora dzyudo bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasidagi ilk Olimpiya chempioni sifatida o‘z nomini tarix sahifasiga yozib ulgurdi va endi u butun bir avlodni ortidan ergashtira oladi”, deb yozdi Shahnoza Mirziyoyeva.
Uning aytishicha, Keldiyorovaning maxsus vakil sifatidagi yangi vazifasi O‘zbekistondagi barcha ayollar uchun an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlagan holda istalgan sohada cho‘qqiga chiqishi mumkinligiga o‘ziga xos chorlov bo‘la oldi. U sportchining faoliyati nafaqat mamlakatda gender tengligiga erishishni tezlashtirishiga, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ilg‘or davlat sifatidagi mavqeini mustahkamlashi hamda butun dunyo ayollarini ruhlantirishiga ishonch bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Shahnoza Mirziyoyeva Fransiya poytaxti Parijda Diyora Keldiyorova bilan uchrashgan va Diyora Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda oilalarda ayollarga nisbatan uchraydigan zo‘ravonlikka, jamiyatdagi gender haqsizlikka qarshi qaratilgan bir qancha loyihalarni birgalikda amalga oshirish, shu loyihalarning yuzi va ishtirokchisi bo‘lish haqidagi taklifni qabul qilgandi.
LiveBarchasi