“Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”. Diniy qo‘mita fuqarolarga murojaat bilan chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning kuni kecha matbuot anjumanida aytgan, “Odamlar xohlasa dinga ishonadi, xohlamasa yo‘q. Balki tarki dunyo qilib yashashni tanlar. Bu har bir odamning konstitutsiyaviy huquqi. Shu sababli ham qonunda belgilangan huquqlar, qonunda belgilangan kafolatlarni ijtimoiy maqomidan qat’i nazar, chiqib inkor qila olmaydi. Bu signalni barcha diniy tashkilot va domlalarimizga yetkazishni istardik”, degan gaplari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Bunga “Bodomzor” jome masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov javob qilib, “Bir-ikki ahli ilm qattiq hissiyotga berilib, gapirgani bilan butun imomlarni da’vat yo‘lini to‘sishga kim vakolat berdi u odamga”, deb chiqdi.

Ayni vaqtda muhokamalari davom etayotgan mavzu yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ham fuqarolarga murojaat bilan chiqdi. Unda shunday deyiladi: 

“So‘nggi yillarda respublikamizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda vijdon erkinligi huquqini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, buyuk ajdodlarimiz qadamjolarini obod qilish, boy tarixiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilish, diniy sohada malakali kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda.

Afsuski, oxirgi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi mutaassib shaxslar, ayrim hollarda esa diniy soha vakillari tomonidan ham O‘zbekistonning din sohasidagi yagona davlat siyosatini noto‘g‘ri tushunish va baholash, yangiliklarni o‘z manfaatlariga moslab talqin qilish, voqelikni bo‘rttirib ko‘rsatish, insonlar fikrida noxolis munosabatni shakllantirishga bo‘lgan urinishlar kuzatilmoqda.

Birinchidan, shuni unutmaslik kerakki, biz dunyoviy, huquqiy demokratik, ko‘p millatli va turli konfessiyali jamiyatda yashaymiz.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda hech qaysi dinga yoki diniy e’tiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Uchinchidan, turli millat va konfessiya vakillari istiqomat qiladigan jamiyatda qonun bilan o‘rnatilgan va ijtimoiy kelishuv asosida tartibga solinadigan munosabatlarga qarshi har qanday turdagi nojoiz xatti-harakat, gap-so‘z va sa’y-harakat – turli dinlarga e’tiqod qiluvchi aholi orasida tushunmovchiliklar yuzaga kelishiga hamda diskriminatsiya va turli muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoq sahifalarida davlat idoralari mas’ul xodimlari tomonidan O‘zbekistonning dunyoviy, huquqiy demokratik davlat tamoyillaridan kelib chiqib, jamiyatda qonun ustuvorligi eslatilgan chiqishlariga nisbatan ayrim shaxslar, shu jumladan, diniy soha vakillari turli munosabat bildirmoqdalar.

Shu o‘rinda, ta’kidlash lozimki, Adliya vazirligi mamlakatda diniy tashkilotlarni ro‘yxatga oluvchi yagona vakolatli davlat organi hisoblanadi hamda diniy tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunchilik hujjatlari talablari va o‘z ustavi qoidalariga rioya etishi ustidan nazoratni olib boradi.

O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasida respublikamizda vijdon erkinligini ta’minlashning asosiy ustuvorliklari sanab o‘tilgan. Ushbu moddada quyidagilar keltiriladi: fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymagan holda, ularning vijdon erkinligiga bo‘lgan o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, jamoat tartibiga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining sog‘lig‘i va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy g‘oyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, mazkur Qonunning 7-moddasiga binoan, davlat turli dinlarga e’tiqod qiladigan va ularga e’tiqod qilmaydigan fuqarolar, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashadi, diniy aqidaparastlik hamda ekstremizmga, munosabatlarni qarama-qarshi qo‘yish va keskinlashtirishga, turli konfessiyalar o‘rtasida adovatni avj oldirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaydi.

Xulosa o‘rnida, fuqarolarimizdan diniy mavzu o‘ta xassos ekanini e’tiborga olib, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda diniy masala hamda davlatning din sohasidagi pozitsiyasiga munosabat bildirganda xolis bo‘lish, ayni vaqtda, davlatning dunyoviy demokratik tamoyillarini qat’iy yodda tutgan holda shaxsiy qarashlarini ommaviy munosabat sifatida talqin qilmasliklarini so‘rab qolamiz!”


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

518

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing