Dilfuza O‘rolova Boyovut hokimligidan ketdi

Jamiyat

image

2020 yildan beri Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Dilfuza Jumanovna O‘rolova boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Bugun, 29 dekabr kuni Xalq deputatlari Boyovut tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rildi va Dilfuza O‘rolova boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.

4 farzandning onasi bo‘lgan Dilfuza O‘rolova 2012 yilda – “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi bo‘lgan. 

U 1985-1990 yillar mobaynida – Guliston davlat universiteti talabasi, 1990-2001 yillar – Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi, 2001-2010 yillar – Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, direktori bo‘lgan. 2010-2015 yillar mobaynida – Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan.

2015-2017 yillar mobaynida – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan.

2017-2020 yillarda shu kunga qadar Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan.

2020 yil 18 fevral kuni Sirdaryoda viloyatida xalq deputatlari Boyovut tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida uning nomzodi tuman hokimligiga ko‘rsatildi va tasdiqlandi.

2022 yilda Dilfuza O‘rolova Xalq deputatlari tuman kengashiga raislik qilishdan voz kechdi. U bu vakolatdan voz kechgan birinchi hokim bo‘ldi.

2024 yilda esa ijtimoiy tarmoqlarda  Dilfuza O‘rolovaning fermerlardan birini keskin haqoratlab, qo‘l-oyog‘ini bog‘latib, ichki ishlar xodimlariga topshirib yuborgani eshitilgan ovozli xabar tarqaldi. Viloyat hokimligi Odob-axloq komissiyasi tomonidan ushbu xatti-harakatlar davlat xizmatchisi etikasi va odob-axloq qoidalarini buzish, deb baholangan va o‘z navbatida, tuman hokimi holat bo‘yicha tushuntirish berib, yuzaga kelgan vaziyatdan pushaymonligini aytgan. Dilfuza O‘rolovaga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo choralarini ko‘rish uchun viloyat hokimiga taqdimnoma kiritilgan.

O‘ralovaning o‘rniga bugun, 29 dekabr kuni Niyoz Namozboyevich Xazratqulov Boyovut tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Niyoz Xazratqulov 1983 yilda Sirdaryo tumanida tavallud topgan. Ushbu tayinlovga qadar Shirin shahar hokimi lavozimida faoliyat olib borgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 29 dekabr kuni Dilfuza Yigitaliyevna Qambarova Sirdaryo viloyatining Shirin shahri hokimi lavozimiga tasdiqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Sirdaryo Boyovut Dilfuza O'rolova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing