Diqqat! Toshkentda YPX xodimlari bodi-kamera bilan ishlashni boshladi

Jamiyat

image

Poytaxt Toshkentda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining 50 nafar xodimlari bodi-kameralar bilan faoliyat olib borishni boshladi. Ularning 32 nafar YHXB YPX inspektorlari va 18 ta patrul-post xizmati xodimlari. Bodi-kameralar 19 sentyabrdan test tariqasida ishga tushirilgan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar bermoqda. 

“Keyinchalik Toshkent shahar ichki ishlar organlarining barcha bo‘linmalari,ular qatorida qo‘lga olingan,hibsga olingan va ayblangan shaxslarni,shuningdek,ma’muriy qamoq qo‘llanilgan shaxslarni konvoylash va etaplash bilan shug‘ullanuvchi xodimlarning faoliyatida ham bodi-kameralardan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Shu tarzda keyingi yilning boshiga qadar xizmat davomida bodi-kameralarni ishlatish, ma’lumotlarni mobil uzatish, qayta ishlash, saqlash va tahlil qilish, jarayonni xizmat olib borish davomida nazorat qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikma hosil bo‘ladi”, deyiladi IIBB xabarida.     

Bodi-kameralar haqida nimalarni bilish zarur?

“Bodi-kamera” moslamasi audio- va videokontentni (FullHD formatida) yozish va markazlashmagan tarzda saqlash, keyinchalik ko‘rib chiqish, favqulodda vaziyatlarda markazlashgan dispetcherlik xizmatiga “xavotir” signalini yetkazish, real vaqt rejimida mobil guruhlarning joylashuvlari va faoliyatlarinin masofadan turib monitoring qilish imkoniyatini beruvchi moslamadir. Qiziqarlisi, bodi-kamera moslamasi infraqizil yoritish qurilmasi bilan jihozlangan bo‘lib, ushbu qurilma tungi vaqtda ham o‘n metrlik masofani yoritib, videoga olib borish imkoniyatini beradi.

Xodimda kontentni yozilish jarayoniga aralashish, uni tahrir qilish va o‘chirish imkoniyati yo‘q: kamera, xodim uni qabul qilish vaqtidan boshlab, qatarib topshirgunga qadar videoga olib boradi. Moslama korpusi ochilmasligi uchun maxsus himoya bilan jihozlangan.

Shuningdek moslama yordamida radioaloqaga chiqish imkoniyati bo‘lib, ushbu imkoniyat xodimlarni ratsiyadan behojat qiladi.

Yozuvlar natijasi maxsus serverda bir oy davomida saqlanadi. Bodi-kameralarni ishlatish uchun zarur bo‘lgan axborot tizimida monitoring markazini tashkillashtirish ham ko‘zda tutilgan. Aynan o‘sha yerda bodi-kameralar tomonidan qayd etilgan ma’lumotlar saqlanadi va ko‘rib chiqiladi. Moslamaning xotira kartasidan serverga ma’lumotlarni ko‘chirish, maxsus dasturiy ta’minot tomonidan WI-FI ma’lumotlar ko‘chirish simsiz tarmog‘i yordamida doimiy dislokatsiya joyiga yetib kelgach amalga oshiriladi (arxivga saqlash jarayoni inson aralashuvisiz amalga oshadi). Markaz operatorida moslamaga masofadan turib bog‘lanish va nazorat qilish imkoniyati mavjud.       

Monitoring markazidagi maxsus elektron kartada har bir xodimning ayni vaqtda joylashgan manzili, hamda ushbu manzilning patrullash yo‘nalishiga muvofiqligi aks etadi.

Bundan tashqari, shu yerda favqulodda vaziyatlar holatlarida harakatlar koordinatsiyasi amalga oshiriladi: monitoring markaziga avtomatik tarzda geo-, audio- va videoma’lumotlar yopiq (himoyalangan) aloqa kanallari orqali yetkazilib turiladi.

Ma’lumot o‘rnida, “Ichki ishlar organlari xodimlarini mobil videokuzatuv vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingandan so‘ng, YPX xodimlarining bodi-kameralar bilan faoliyat olib borishi 2019 yil 1 iyuldan 2020 yil 1 yanvarga uzaytirilgan edi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga yo‘llagan murojaatnomasida YPX xodimlari bodi-kameralar bilan ta’minlanishi masalasiga to‘xtalib, loyiha 2018 yildan amalga oshirilishini aytgandi.

“Kelgusi yildan boshlab ichki ishlar organlari yo‘l-patrul va post-patrul xizmatlarini o‘z vazifasini bajarish, ayniqsa, fuqarolar bilan muloqot jarayonini qayd etish imkonini beradigan videokameralar bilan ta’minlaymiz. Bu tizim sohadagi mavjud ta’magirlik va suiiste’molchilik holatlarining oldini olish imkonini yaratadi”, degan edi davlat rahbari.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent shahar IIBB bodi-kamera

Baholaganlar

30

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing