Diqqat! Meksika orqali AQSHga o‘tayotgan o‘zbekistonliklarga jazo kuchaytirildi
Jamiyat
−
20 noyabr 2023
18514AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi noqonuniy yo‘llar, xususan Meksika chegarasi orqali AQSH chegarasini bosib kirmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, endilikda AQSH-Meksika chegarasi orqali AQSHga noqonuniy kirayotgan O‘zbekiston fuqarolari qo‘yib yuborilmaydi, aksincha, ular bilan bog‘liq immigratsiya ishi hal qilingunga qadar hibsda saqlanadi. AQSH Qo‘shma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatdan chiqarib yuborish masalasi bo‘yicha O‘zbekiston hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Mamlakatdan chiqarib yuborish tijorat aviakompaniyalari hamda AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati bilan tuzilgan charter reyslari orqali amalga oshirilmoqda.
“AQSH-Meksika chegarasi orqali AQSHga noqonuniy migratsiya xavfli va qimmatdir. Kontrabandachilarning yolg‘on va’dalariga uchmang. Amerika Qo‘shma Shtatlariga sayohat qilish uchun xavfsiz va qonuniy vositalardan foydalaning”, deyiladi elchixona ogohlantiruvida.
Bildirilishicha, AQSH chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan shaxslar bu mamlakatga kamida besh yil ichida qonuniy ravishda qayta kirishlari taqiqlanadi. Noqonuniy migratsiyaga yordam beradigan oila a’zolari ham viza olishdan butunlay mahrum etilishi mumkin.
“Amerika Qo‘shma Shtatlari xavfsiz, tartibli va insonparvar migratsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida chet ellik hamkorlar bilan faoliyat olib boradi hamda Qo‘shma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan barcha noqonuniy kiruvchilar va fuqaroligi bo‘lmaganlarni immigratsiya qonunchiligi (Title 8) vakolati ostida tezda mamlakatdan chiqarib yuboradi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston fuqarolari so‘nggi ikki yil ichida AQSH chegarasini noqonuniy kesib o‘tuvchilar orasida uchinchi o‘rinda qayd etilgan edi.
LiveBarchasi