Diqqat, haydovchilar! 1 yanvardan mashina “fara”larini yoqib yurish majburiy bo‘ladi
Jamiyat
−
16 dekabr 2020
13299O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 apreldagi “Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori bilan avtomototransport vositalarining old chiroqlarini kunning yorug‘ vaqtida ham yoqib yurish majburiy etib belgilangandi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq Yo‘l harakati qoidalarining 138-bandi quyidagi tahrirda bayon qilindi:
“138. Kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart”
Keyinroq qarorning o‘sha bandi jamoatchilikning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lgach, uning kuchga kirish muddati 2021 yil 1 yanvargacha kechiktirilgandi.
Shuning uchun, hurmatli haydovchilar 1 yanvardan avtomototransport vositalarining yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib yurish majburiy bo‘ladi.
Bu talabni bajarmagan haydochilar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi tartibida ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Birinchi marta sodir etilganda 111 500 so‘m, bir yil ichida takror sodir etilsa 223 ming so‘m va 3-marta sodir etilsa 669 ming so‘m jarima solinadi.
Agar 1 yil ichida 3 martadan ko‘p sodir etilsa 892 000 so‘m jarima yoki transport vositasini boshqarish huquqidan 6 oy muddatga mahrum etishga sabab bo‘lishi mumkin.