Futbol uchun ijobiy va salbiy hafta – Sport dayjesti
Sport
−
28 yanvar 2024
60655 ming dollar jarimaga tortilgan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, noxush an’anasiga barham bergan milliy terma jamoa, 10-qavatdan yiqilib tirik qolgan MMA jangchisi va Osiyo kubogi bilan xayrlashgan Igor Sergeyev bugun diqqat markazimizda. Assalomu alaykum QALAMPIR.UZ'da sport dayjesti.
Osiyo kubogi-2023: O‘zbekiston noxush an’anasiga barham berdi
23 yanvar kuni futbol bo‘yicha Osiyo kubogi guruh bosqichining 3-tur o‘yinlari davom ettirildi. “B” guruhida O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh g‘olibligi uchun Avstraliyaga qarshi bahs olib borib, 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi.
Shunday qilib, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Avstraliyaga qarshi o‘yinlardagi golsiz seriyasiga barham berdi.
Uchrashuvda dastlabki golni 45+1 daqiqada penaltidan raqib futbolchisi Boyl kiritdi. 79-daqiqada Jaloliddin Masharipov uzatib bergan to‘pni Aziz Turg‘unboyev boshi bilan “kengurular” darvozasiga joylab qo‘ydi va hisobdagi muvozanatni tikladi. 1:1 hisobi uchrashuv oxirigacha o‘zgarmadi.
O‘z guruhida 5 ochko to‘plab, 2-o‘rinni band etgan Srechko Katanets shogirdlari endi 1/8 finalda “F” guruhida 2-o‘rinni egallagan Tailand bilan o‘ynaydi. Bahs 30 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da start oladi.
O‘FA 5 ming dollar jarimaga tortildi
Osiyo futbol konfederatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va “Nasaf” klubiga qarshi uchta qaror qabul qilib, O‘FAni 5 ming AQSH dollar va “Nasaf”ni 50375 AQSH dollar jarimaga tortdi. Bu haqda futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev o‘z Telegram sahifasida ma’lum qildi.
Suriyaga qarshi Osiyo kubogi o‘yiniga muxlislar sayyohlik agentliklari reklamasi tushirilgan futbolkalarda kelganlari uchun O‘FA jazolandi.
“Nasaf” esa Osiyo Chempionlar ligasi doirasidagi “Al-Sadd”ga qarshi o‘yinda muxlislar tosh otib, hakam yordamchisiga ziyon yetkazgani, “Sharja”ga qarshi o‘yinda esa raqib futbolchilarining ko‘ziga lazer nuri tushirgani uchun jarima to‘laydi.
Noyabr oyida Afg‘oniston futbol federatsiyasi (FAA) bilan shunga o‘xshash holat yuz bergandi. 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi saralash o‘yinida uch muxlis birdaniga maydonga tushgani uchun FAA ham 15 ming dollar jarimaga tortilgan edi.
Igor Sergeyev uchun Osiyo kubogi yakunlandi
Avstraliya va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvning ikkinchi bo‘limida hujumchi Igor Sergeyev jarohat olib maydonni tark etdi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati futbolchining jarohati bo‘yicha ma’lumot berdi.
Manbaga ko‘ra, tibbiy shtab tomonidan zarur tekshiruvlar o‘tkazilgan va Sergeyevning o‘ng tizzasidan jiddiy jarohat olgani aniqlangan.
Shunday qilib, Sergeyev turnirdagi ishtirokini yakunladi. Yaqin vaqt ichida jarrohlik operatsiyasini o‘tkazishi kerakligi aniqlandi.
“O‘FA hamda futbol jamoatchiligi nomidan Igorga Osiyo kubogidagi yorqin o‘yini uchun minnatdorchilik bildirib, salomatlik tilaymiz”, deyiladi manba xabarida.
Ma’lumot uchun, Igor Sergeyev Osiyo kubogining 2-turi doirasida Hindistonga qarshi bahsda gol urib, O‘zbekiston milliy terma jamoasi g‘alabasiga o‘z hissasini qo‘shgandi.
O‘zbekistonlik futbolchilar Osiyo kubogi ramziy jamoalariga kiritildi
Futbol bo‘yicha Osiyo kubogining guruh bosqichi o‘yinlari yakunlandi. Musobaqa rasmiy sahifasi 3-turning ramziy jamoasini e’lon qildi.
E’tiborlisi, tur ramziy terma jamoasiga O‘zbekiston termasi himoyachisi Farrux Sayfiyev ham kiritildi. Uning Avstraliyaga qarshi o‘yindagi xatti-harakatlari mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchilaridan biri Otabek Shukurov mashhur “Khelnow” sayti tomonidan tuzilgan Osiyo kubogining guruh bosqichi ramziy terma jamoasidan o‘rin oldi.
“Shukurov O‘zbekiston milliy jamoasining guruhdagi barcha o‘yinlarida ishtirok etdi va muhim o‘yinchilardan biri bo‘ldi. U bitta golga assistentlik qildi va himoyada juda samarali harakat qildi. U raqibning 6 ta zarbasiga to‘g‘onoq bo‘ldi”, deyiladi manba xabarida.
O‘zbekistonlik taniqli futbol mutaxassisi vafot etdi
O‘zbek futboli tarixidagi mashhur futbolchi Vladimir Shtern 81 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘tmishdagi taniqli futbolchilardan biri, murabbiy sifatida ko‘plab shogirdlar yetishtirgan Vladimir Shternning vafoti munosabati bilan marhumning yaqinlari va oila-a’zolariga chuqur ta’ziya hamda hamdardlik bildiramiz”, deyiladi manba xabarida.
Ma’lumot uchun, Shtern futbolchilik faoliyati davomida “Politodel” va “Paxtakor” klublarida to‘p tepgan. Faoliyatining oxirgi davrini “Andijanets” jamoasida o‘tkazgan.
10-qavatdan yiqilgan MMA jangchisi tirik qoldi
Hardcore MMA jangchisi, dog‘istonlik “Venom” laqabli sportchi Magomed Zaynalov 10-qavatdan yiqildi. Bu haqda Zaynalov jang qiladigan liga vakili Eduard Kuzminov ma’lum qildi.
“Bugun ertalab men qayg‘uli xabar oldim. Magomed Zaynalov 10-qavatdan yiqilib tushibdi,u hozir reanimatsiyada. 2 fevral kuni u jang qilishi kerak edi. Venom tezroq tuzalib ketishini tilab qolaman”, deydi Kuzminov
Ma’lum bo‘lishicha, 24 yoshli jangchi ehtiyotsizlik oqibatida 10-qavatdan mashina ustiga tushgani uchun tirik qolgan. Old tarafi pachaqlangan Nissan X-trail avtomobili egasi esa sportchini sudga berishni rejalashtirmoqda.
Zaynalov rafiqasining so‘zlariga ko‘ra, ular yaqinda ijaraga olingan kvartiraga uy hayvoni olgan. Hayvon balkonga sakrab chiqqan va sportchi unga qo‘l cho‘zib, ehtiyotsizlik oqibatida yiqilib tushgan. Qayd etilishicha, Zaynalovning oyoq va tos suyagi jiddiy jarohat olgan.
Jangchining menejeri Vitaliy Tarasovning aytishicha, hozirda mijozining hayoti xavf ostida emas va Zaynalov so‘nggi yillarda ishtirok etgan Hardcore MMA ligasi moliyaviy jihatdan yordam bergan.
“Shifokorlarning aytishicha, uning holati barqaror. U yashaydi. Hozirda biz Magomedning o‘zidan xabar kutmoqdamiz, menimcha, u tez orada biz bilan bog‘lanadi”, deydi Vitaliy Tarasov
Magomed Zaynalov 2021 yildan beri Hardcore MMA'da ishtirok etib keladi. Ikki yildan sal ko‘proq vaqt ichida u turli qoidalar bo‘yicha 15 ta jang o‘tkazib, ularning to‘rttasida g‘alaba qozongan, bittasida durang qayd etilgan bo‘lsa, 10 ta jangda mag‘lub bo‘lgan.
Makronning rafiqasi “qovun tushirdi"
Fransiyada o‘tkazilgan xayriya tadbirlaridan birida davlat rahbari Emmanuel Makronning rafiqasi Brijit Makron va mamlakat terma jamoasi ustozi Dide Desham ko‘rishib, turli mavzularda, jumladan futbol haqida suhbat qurdi. Ayniqsa ularning “Reyms” klubi a’zosi Dzyunya Ito haqidagi dialogi barchaning e’tiborini tortdi.
Tadbirda Makronning rafiqasi Deshamdan nega “Reyms” hujumchisi Dzyunya Itoni terma jamoaga chaqirmasligini so‘radi. Desham esa jilmayib: “Chunki u yapon”, deb javob qaytardi.
Shuningdek, o‘zaro suhbat vaqtida 70 yoshli Brijit Makron yaponiyalik futbolchi haqida bir qator iliq so‘zlarni aytib o‘tdi.
Qayd etish joiz, ma’lum bir mamlakat terma jamoasiga faqatgina o‘sha mamlakat fuqaroligiga ega bo‘lgan futbolchilarni jalb qilish mumkin.
Ma’lumot uchun, 30 yoshli Dzyunya Ito joriy mavsum Fransiya chempionatida 17 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Ronaldu xitoylik muxlislardan uzr so‘radi
“Al-Nasr” o‘zining asosiy yulduzi Krishtianu Ronalduning jarohati tufayli Xitoydagi turneni boshqa muddatga qoldirishga qaror qildi.
Tarmoqlarda xitoylik futbol ishqibozlari portugaliyalik futbolchining o‘yinini ko‘ra olmaganidan xafa bo‘lganini bildirdi. O‘yinlar bekor qilingani e’lon qilinganidan keyin Ronaldu xitoylik muxlislarga murojaat qilib, bir necha iliq so‘zlarni aytdi.
“Men bu mamlakatni yaxshi ko‘raman. Siz uchun o‘ynashni xohlayman. Iltimos, xafa bo‘lmang, chunki men ham xafaman”, deydi Ronaldu.
Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronalduning oyoq mushaklarida jarohat bor. 38 yoshli hujumchi qachon to‘liq jarohatidan forig‘ bo‘lishi hozircha noma’lum.
Turkiyadagi futbol o‘yinida Rossiya va Qozog‘iston jamoalari mushtlashdi
Turkiyaning Belek shahridagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasidagi o‘rtoqlik o‘yini chog‘ida Qo‘stanayning “Tobol” va Rossiyaning “Chelyabinsk” klublari o‘rtasida mushtlashuv bo‘ldi.
2-bo‘limda Qozog‘iston jamoasi futbolchisi Islom Chesnokov to‘p uchun kurashgan chelyabinsklik futbolchi bilan tortishib qoldi. Oqibatda o‘yinchilar o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Uchrashuv hakami esa ikki futbolchini ham maydondan chetlatgan.
Zaxira o‘rindig‘iga o‘tayotganda “Chelyabinsk” jamoasi futbolchisi Chesnokovning tomog‘idan ushlagan, bu esa futbolchilar o‘rtasida mushtlashuvga sabab bo‘lgan, biroq biroz o‘tib futbolchilar tinchlandi, shundan so‘ng o‘yin davom ettirildi.
Qayd etish joiz, uchrashuv Rossiya klubining 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Bu ortda qolayotgan hafta sportiga doir eng muhim voqeliklar edi. Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ sahifalarida kuzatib boring.
LiveBarchasi