Deputatlikka nomzodlar aniq. Ular kim?
Jamiyat
−
15 noyabr 2019
19935Xabaringiz bor, joriy yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tadi. Mamlakatdagi 5 siyosiy partiya allaqachon o‘z nomzodlarini olg‘a surib bo‘ldi.
Qonunchilik palatasi deputatligiga bo‘ladigan saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan jami beshta siyosiy partiya qonunda belgilangan muddatlarda o‘zining qurultoy va s’ezdlarini o‘tkazgan. Mazkur tadbirlarda partiyalar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi 150 deputatlik o‘rni uchun har bir partiyadan 150 nomzod ko‘rsatilgan.
Markaziy saylov komissiyasining ma’lum qilishicha, siyosiy partiyalarning rahbarlari deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olishni so‘rab, MSK murojaat qilgan. Markaziy saylov komissiyasi ekspertlari tomonidan deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarning qonunchilikka muvofiqligi Saylov kodeksida belgilangan muddatlarda sinchiklab tekshirib chiqilgan.
MSKsiyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ko‘rsatish bo‘yicha barcha tadbirlar qonunchilik talablariga qat’iy muvofiq holda, oshkoralik va ochiqlik muhitida amalga oshirilganini ta’kidlamoqda.
Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 14-moddasiga muvofiq va hujjatlarni tekshirish yakunlariga ko‘ra, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Har bir partiyadan 150 nafardan ro‘yxatga olingan jami 750 nomzodning barchasi oliy ma’lumotli ekani aytilmoqda. Shulardan 310 nafari yoki 41,3 foizi xotin-qizlardir. Bu 2014 yilning dekabrida o‘tgan parlament saylovlaridagidan qariyb 10 foiz (31,8) ko‘pdir.
Nomzodlar orasida huquqshunoslar - 6,9, iqtisodchilar – 19,1, shifokorlar – 12,4 foizni tashkil qilmoqda. Deputatlik mandati uchun bir akademik, 22 fan doktori va 52 fan nomzodi kurash olib boradi. Nomzodlar safida 25-40 yosh orasidagilar – 32,2 foizni tashkil qiladi.
Sifat tarkibi bo‘yicha tahlil shuni ko‘rsatmoqdaki, nomzodlarning deyarli uchdan bir qismini (taxminan 30 foizi) pedagoglar tashkil etadi. Keyingi o‘rinni (19 foiz) iqtisodchilar egallagan. Partiyalar ro‘yxatida, shuningdek, shifokorlar (12 foiz), muxandislar (9 foiz), huquqshunoslar (7 foiz) hamda tadbirkorlar (2 foizdan ziyodroq) o‘rin olgan.
Eslatib o‘tamiz, saylovga 36 kun qoldi.
LiveBarchasi