Deputatlar yangi tahrirdagi Soliq kodeksini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 9 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Majlisida deputatlar ikkinchi o‘qishda “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi va qabul qildi.

Mazkur loyiha bilan qabul qilinayotgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi yuzasidan parlament quyi palatasida Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zolari, Davlat byudjeti boshqarmasi xodimlari hamda Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida juda keng va qizg‘in muhokamalar o‘tkazildi.

Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida yangi tahrirdagi Soliq kodeksida mamlakat taraqqiyotining tayanchi bo‘lgan insofli soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish, yashirin faoliyat yuritayotganlarning qonuniy faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlar yaratish shartligini aytib o‘tgan edi. Bunda fuqarolar soliqdan qochish emas, balki uni vaqtida to‘lashdan manfaatdor bo‘lishi lozimligi qayd etilgandi.

Ana shularni inobatga olgan holda, yangi soliq tizimini yaratishda tenglik, soddalik, aniqlik va samaradorlik kabi asosiy prinsiplarga asoslanildi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi to‘g‘risidagi qonun loyihasi joriy yilning 26 noyabrida deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilingani bejiz emas.

Qayd etilishicha, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi havolaki normalar, qonunosti hujjatlarini maksimal darajada kamaytirgan holda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan hujjat sifatida qabul qilinmoqda. Shu bois, loyihada barcha soliqlar bo‘yicha stavkalar (aksiz solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan tashqari) belgilanishi ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, soliq qonunchiligi normalari qo‘llanilishini soddalashtirish, undagi ziddiyatlar va tushunmovchiliklarning oldini olish, insofli soliq to‘lovchilar manfaatlarini himoya qilish, soliq nazoratining shakl va mexanizmlari, soliq ob’ektlari, soliq to‘lovchilarning hisobini yuritishni ta’minlaydigan AKTni keng joriy etish bilan bog‘liq bir qator muhim yangiliklar nazarda tutilmoqda. Jumladan, soliq nazoratining yangi tartibi (kameral tekshiruv, sayyor tekshiruv, soliq auditi) taklif etilmoqda.

Tahlika-tahlil dasturi joriy qilinmoqda. Ushbu dastur faoliyat ko‘rsatayotgan barcha xo‘jalik sub’ektlarini muayyan mezonlar asosida, xavflilik darajasiga qarab, inson omilisiz, avtomatlashtirilgan holda 3 ta segmentga (yashil yo‘lak, sariq yo‘lak, qizil yo‘lak) ajratadi. Unga binoan, xavflilik darajasi past bo‘lgan (yashil yo‘lakcha) korxonalarga nisbatan soliq tekshiruvlari amalga oshirilmaydi va ushbu korxonalarga yuqori darajadagi soliq xizmatlari ko‘rsatiladi. Xavflilik darajasi o‘rtacha bo‘lgan (sariq yo‘lakcha) korxonalarga nisbatan faqat kameral soliq tekshiruvi amalga oshiriladi va ushbu korxonalarga xato-kamchiliklarini bartaraf etish bo‘yicha hisobotini tuzatish imkoni beriladi hamda ularga moliyaviy va ma’muriy jarimalar qo‘llanilmaydi. Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, buxgalteriya hujjatlarini va hisobvaraq-fakturalarini soxtalashtirish holatlari aniqlangan xavflilik darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan (qizil yo‘lakcha) korxonalarga nisbatan esa, soliq auditi tekshiruvi tadbirlari amalga oshiriladi. O‘z-o‘zidan aniqki, bunday korxonalar doimiy nazoratda bo‘ladi.

Deputatlarning fikricha, ushbu tadbirlar soliq nazoratini amalga oshirishning shaffofligini ta’minlab, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Loyihada soliq to‘lovchilar hamda soliq organlarining huquq va majburiyatlari aniqlashtirildi. Soliq tekshiruvi turlari 13 dan 3 turgacha qisqarmoqda.

Bundan tashqari, kiritilayotgan yangiliklarga ko‘ra, ortiqcha undirilgan summalarga har bir o‘tgan kuni uchun soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchiga penya to‘lanadi. Xorijiy sayyohlar O‘zbekistonda sotib olingan tovarlarga hisoblangan qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) “Tax free” tamoyili asosida qaytariladi. Mulkni (xizmatlarni) beg‘araz ravishda topshirishda to‘lanadigan QQS bekor qilinmoqda. Davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan korxonalar tomonidan to‘lanayotgan yagona ijtimoiy to‘lov 25 foizdan 12 foizga tushirilmoqda.

Loyihada soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchining bankdagi hisob varaqlari bo‘yicha operatsiyalarni 30 kundan oshmagan muddatga to‘xtatib turish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, soliq solish maqsadida barcha bitimlar va soliq to‘lovchi kirishadigan boshqa iqtisodiy munosabatlar, ularning yuridik jihatdan rasmiylashtirilishi usulidan qat’i nazar, o‘zining haqiqiy iqtisodiy mazmunidan kelib chiqqan holda hisobga olinishi bo‘yicha yangi me’yor kiritilmoqda.

Soliq huquqbuzarliklariga yo‘q qo‘yayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llash tartibi qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasida soliq nizolarini sudgacha hal qilish tartibi ham aniqlashtirilmoqda. Ya’ni, soliq nizolarini sudgacha muhokama qilishni majburiy o‘tkazish tartibini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Umuman, majlisda loyihada aks etgan shu va boshqa ko‘plab yangiliklar, muhokamalarda bildirilgan hamda bevosita parlament quyi palatasi deputatlari taklifi bilan kiritilayotgan o‘zgarishlar xususida ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar majlislarida, shuningdek, joylardagi muhokamalar jarayonida deputatlar, tadbirkorlar, olimlar, ekspertlar va mutaxassislar tomonidan 500 dan ortiq taklif va mulohaza bildirildi. Mazkur takliflar qonun tashabbuskorlari bilan ishchi guruhlarida ko‘rib chiqilib, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasiga 70 dan ortiq tahririy va konseptual o‘zgarishlar kiritildi. Jumladan, loyihadagi soliq qarzdorligi kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berish vakolati Davlat soliq qo‘mitasiga taqdim qilinishi taklif etilgan edi. Muhokamalardan so‘ng yirik korxonalarning soliq qarzdorligini kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash bo‘yicha ruxsat berish vakolati Davlat soliq qo‘mitasiga, qolgan soliq to‘lovchilar bo‘yicha esa, hududiy moliya va soliq organlarining xulosasi asosida Xalq deputatlari viloyat kengashiga berilishi ko‘zda tutilmoqda.

O‘tkazilgan muhokamalarda parlament a’zolari tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ni takomillashtirish, foyda solig‘ini tartibga soluvchi normaga o‘zgartirishlar kiritish, xarajatlarning “iqtisodiy asoslanganligi” to‘g‘risidagi noaniqliklarni chiqarib tashlashga doir bir qator takliflar bildirilgan bo‘lib, ularning aksariyati loyihada aks ettirildi.

Umuman, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda tayyorlash jarayonida juda katta hajmli ish bajarildi. Loyiha har taraflama pishiq-puxta holga keltirildi.

Ana shundan kelib chiqib, majlisda loyiha ikkinchi o‘qishda bobma-bob, moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar tomonidan bir qator muhim fikr-mulohaza hamda takliflar ham bildirildi. Qizg‘in kechgan savol-javob va tortishuvlardan so‘ng loyiha ovozga qo‘yildi va “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Soliq kodeksi

Baholaganlar

24

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing