Deputatlar Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi
Jamiyat
−
01 Oktabr 2019
2970Kecha, 30 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yaxshilashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.
Majlisda yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasining muhokamasi qizg‘in kechdi. Loyihada Hukumatning ochiq, shaffof faoliyat yuritishi, uning vakolatlari aniq soha va yo‘nalishlar bo‘yicha belgilab berilmoqda. Bosh vazir tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat boshqaruvi hududiy organlari rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirokida hududlarda Hukumatning mavzuli sayyor majlislari o‘tkazilishi nazarda tutilyapti. Shuningdek, Bosh vazir, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari, Bosh vazir maslahatchilari, vazirlar, davlat qo‘mitalari raislarining vakolatlari hamda javobgarligi belgilab berilmoqda.
Endilikda Hukumatning jismoniy va yuridik shaxslarning davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kelib tushgan murojaatlari bilan ishlash monitoringini olib borish hamda tahlilini yuritish ham qonun darajasida mustahkamlab qo‘yilmoqda. Bundan tashqari, loyihada Vazirlar Mahkamasining qarorlari va uning mansabdor shaxslari harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinishi mumkinligiga doir qonun normalarida aniq belgilab berilmoqda.
Deputatlarning fikricha, loyihada bu kabi yangi normalarning aks ettirilishi hokimiyat tarmoqlarining bo‘linish va bir-birini tiyib turish va muvozanatni saqlash prinsiplariga muvofiq, Hukumatning o‘z faoliyatini qonuniy, shaffof, demokratik ruhda amalga oshirishini ta’minlashga yordam beradi. Bir paytning o‘zida Hukumatning ochiq va shaffof faoliyat yuritishi, ijro etuvchi hokimiyat faoliyatiga samarali rahbarlikni amalga oshirish, inson huquq-erkinliklari muhofazasi hamda xalq manfaati ustuvorligini ta’minlashning sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishida mustahkam huquqiy asos vazifasini o‘taydi.