Deputat O‘zbekistonga ko‘p miqdorda palma yog‘i kirib kelishida kimni ayblayapti?
Jamiyat
−
18 Sentabr 2019
5119Oxirgi uch yilda O‘zbekistonga o‘rtacha 50 ming tonnadan ortiq palma yog‘i import qilingan. Bu, o‘z navbatida, joriy yilning o‘tgan qisqa davrida palma yog‘i importi o‘tgan yillarga nisbatan keskin o‘sayotganligidan dalolat bermoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qahramon Ergashev ma’lum qilgan.
Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan O‘zbekistonga olib kirilayotgan palma yog‘i va uning asosida ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining inson salomatligiga ta’siri yuzasidan tegishli davlat organlariga ma’lumotlar so‘rab so‘rovlar yuborilgan va o‘rganishlar olib borilgan.
“Masalan, margarin va pishloq mahsulotlarida yog‘ kislotalaridagi transizomerlar miqdor ko‘rsatkichi bo‘yicha 4 foizgacha etib belgilangan bo‘lsa-da, xarid qilingan namunalarda ularning miqdori 8,8 foiz, ya’ni ushbu mahsulotlar tarkibida begona yog‘larning miqdori 2 barobardan yuqoriligi qayd etildi. Bu amaldagi “Sut va sut mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament”da sut mahsulotlari tarkibida sut yog‘laridan tashqari begona yog‘larning bo‘lmasligi shartiga zid bo‘lmoqda”, deydi Ergashev.
Ma’lumot o‘rnida, palma yog‘i inson salomatligi uchun xavfliligi tibbiyotda aniqlangan bo‘lib, hatto, erkaklarning bepushtligini ham keltirib chiqarishi mumkin ekan. Shu bois, bugungi kunda O‘zbekistonda amaldagi sanitariya qoidalari va me’yorlariga asosan bolalar oziq-ovqati mahsulotlari ishlab chiqarilishida palma yog‘idan foydalanish taqiqlangan.
Deputatning qayd etishicha, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining parlament oldidagi hisobotida mazkur masala Hukumat vakillari oldiga qo‘yilgan. Deputatlar taklifi bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralar vakillaridan iborat maxsus Ishchi guruhi tashkil etilib, masalani chuqur o‘rganish va tegishli xulosalar chiqarishga kelishilgan.
So‘ngra, joriy yilning 19 avgust kuni Vazirlar Mahkamasi rayosati majlisining bayonida Davlat dasturining ijrosi yuzasidan import qilinayotgan palma yog‘ining oziq-ovqat sanoatida ishlatish bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralarga vazifalar yuklatilib, tegishli muddatlar belgilangan.
“Mamlakatimizga kirib kelayotgan katta miqdordagi palma yog‘i qaysi maqsadlarda ishlatilib, uni qanday nazorat qilish tartibi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlardan deputatlar o‘z vaqtida xabardor qilinmayapti.
Bundan tashqari, Hukumatning ushbu masala bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasida belgilangan import qilinayotgan palma yog‘ining oziq-ovqat sanoatida ishlatish bilan bog‘liq qonun hujjatlarini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish natijasi bo‘yicha 16 sentyabrgacha deb berilgan topshirig‘ining ijrosi ham noma’lumligicha qolmoqda", deydi deputat.
U so‘zlarini davom ettirarkan, qat’iy ravishda “bundan kimdir manfaat ko‘rayotgani aniq”, deydi.
“Palma yog‘i — importmi? U valyuta hisobiga olib kelinadimi? Nima, uning o‘rnini bosuvchi mahsulot o‘zimizda yo‘qmi? Buni qaysidir idora o‘ylashi kerakmi-yo‘qmi? Sog‘liqni saqlash vazirligi nega bong urmayapti?”, degan haqli savollarni o‘rtaga tashlaydi deputat.
“Aholi sog‘lini saqlash uchun biz byudjetdan katta-katta pul sarflayapmizmi? Palma yog‘i zararining oldini olsak, turli xastaliklarning oldini olgan bo‘lamiz-ku. Pirovardida, byudjet mablag‘lari iqtisod bo‘ladi...”
LiveBarchasi