“IIB binosida odam o‘lishi yangilik emas”. Kusherboyev IIV vakili izohidan shokka tushdi
Jamiyat
−
31 yanvar 2020
17946Avvalroq, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida o‘g‘rilikda gumon qilinib qo‘lga olingan fuqaro IIBga olib ketilgani va idoradan uning jasadi chiqqani haqida xabar bergan edik.
Ichki ishlar vazirligi jamoatchilik orasida keng shov-shuvga sabab bo‘lgan ushbu voqe yuzasidan rasmiy ma’lumot berishga shoshmadi. Va nihoyat, kecha, 30 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati IIBda shu hodisaga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Unda IIV Matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov hodisaga shunday munosabat bildirdi:
“IIB binosida odam o‘lishi yangilik emas, bu tabiiy holat, oldin ham bo‘lgan. Ayrimlar o‘z joniga qasd qiladi, ayrimlarning tobi qochib qoladi. Bu holat ichki ishlar vazirligi tomonidan nazoratga olinadi. Chiroqchidagi voqeadan so‘ng ham ertasi kuniyoq IIV vakillari yetib kelgan. Tekshirish boshlangan. Oldindan tekshirmasdan turib baholashga haqqimiz yo‘q. Odam aybdorligini faqat sud belgilaydi”.
Ushbu munosabatning o‘zi ham alohida munosabat va izoh talab qiladi. G‘iyosovning izohidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev shokka tushganini yashirib o‘tirmadi.
“Bugun men uchun hammasidan ham g‘alati va shok xabar ichki ishlar vaziri matbuot kotibining quyidagi gaplari bo‘ldi:
“IIB binosida odam o‘lishi yangilik emas, bu tabiiy holat, oldin ham bo‘lgan. Ayrimlar o‘z joniga qasd qiladi, ayrimlarning tobi qochib qoladi. Bu holat ichki ishlar vazirligi tomonidan nazoratga olinadi”.(Har qalay kontekstdan buzib uzib olinmadi)
Bu iqrorlikmi yo xatolik?
IIB binosida ham barcha ishxonalarda bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat, ya’ni shu yerda ishlayotgan xodimninggina betobligi uchun favqulodda tobi qochib ish joyida o‘lib qolishini tabiiy qabul qilish mumkin, xolos. Boshqalarning u yerda o‘z joniga qasd qilishi, tobi qochishi yoki o‘lib qolishi tabiiy xodisa bo‘lishi mumkin emas. Buni tabiiy qabul qilish toqat qilib bo‘lmas vaziyat”, deydi deputat.
Kusherboyev bunday bayonotlar boshqa savol va shubhalarni keltirib chiqarishini ham aytib o‘tgan.
“Bunday bayonotlar yo o‘ylab berilsin, yo berilgandan keyin uyg‘onadigan shubhalarni izohlashga tayyor turilsin. Bo‘lmasa o‘sha gap...”, deb yakunlagan parlamentariy.
Ma’lumot uchun, mol o‘g‘riligida gumon qilinib, IIBga olib ketilgan fuqaro 32 yoshda bo‘lgan. U idorada kaltaklanashi oqibatida vafot etgan.
LiveBarchasi