Deputat korrupsionerlarning qo‘l-oyog‘ini kesishni taklif qildi

Olam

image

Qirg‘iziston parlamenti deputati Tozabek Ikromov bugun, 12 aprel kuni parlament yig‘ilishida korrupsionerlarning “qo‘l-oyog‘ini kesib” jazolash kerakligini aytdi. Bu haqda mahalliy OAV xabar berdi.

Yig‘ilish Qirg‘iziston Bosh prokurori ishtirokida davlatda 2022 yilda qonun ustuvorligi holati va uni mustahkamlash bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida o‘tkazilgan.  Bosh prokuraturaning bu boradagi hisoboti eshittirilgan. 

Unda xalq deputati Tozabek Ikromov korrupsionerlarga qarshi choralar keskinlashishi kerakligi haqida aytib o‘tgan. U Chuy viloyatidagi “yer mafiyasi” a’zolari javobgarlikni o‘z zimmalariga olmasligi, sudyalar esa o‘zlari xohlagandek ish qilishlari haqida gapirgan.

“Korrupsiyada gumon qilinayotgan davlat xizmatchilari qo‘lga olindi, lekin ular jarima to‘lab, yana o‘z o‘rniga ega bo‘lishdi. Ayrim korrupsionerlar deputatlarga dars o‘tib, faoliyatimizni tanqid qilishmoqda”, deydi Ikromov.

Shuningdek, deputat o‘tgan chaqiriqda korrupsionerlar va ularning farzandlari davlat xizmatiga kira olmasligi kerakligi haqida qonun loyihasini taklif qilganini eslagan. 

“To‘g‘ri, o‘g‘il ota uchun javobgar emas. Lekin korrupsiyani qandaydir yo‘llar bilan to‘xtatishimiz shart-ku. Agar kerak bo‘lsa, qo‘llarini, keyin oyoqlarini kesib tashlanglar”, deydi Ikromov.

Tozabek Ikromov o‘zining parlamentdagi shov-shuvli chiqishlari bilan tanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya Qirg'iziston Tozabek Ikromov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing