Deputat G‘aniyev: IIV videosi deputatlarga “signal” berish uchundek go‘yo
Jamiyat
−
18 aprel 2020
14309Sal avval Namangan shahar kengashi deputati T.M. va ichki ishlar xodimlari o‘rtasida bo‘lgan nizoli vaziyat haqida xabar bergandik. Holatga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev o‘z izohini berib o‘tgandi. Yana bir Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ham deputatining yo‘l patrul xizmati xodimlari bilan tortishgani aks etgan videoga o‘z munosabatini bildirdi.
“Bugun Facebook va Telegram kanallarida Namangan shahar kengashi deputatining Yo‘l patrul xizmati xodimlari bilan tortishgani aks etgan videoni ko‘rib, to‘g‘risi dilim g‘ash bo‘ldi. Shubhasiz, qonun ustuvorligi ta’minlanib, qonun hamma uchun birdek amal qilishi kerak. Shu sabab, Namangan shahar deputatining qilgan ishini oqlamayman va tegishli tartibda qonun oldida javobgarlikka tortilishi tarafdoriman.
Lekin menga bu holat go‘yo shunchaki tasodif emas, balki negadur YPX xodimlari tomonidan jamoatchilik, xalq orasida deputatlarni obro‘sizlantirish, ularni yomon ko‘rsatish uchun atayin tayyorlangan xolat kabi tuyulmoqda. Ehtimol adashayotgangandirman, lekin video tasvirni montaj qilingani, videoda ko‘rsatilgan gaplar konteksdan uzib olinib ko‘rsatilganligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Qolaversa, nega qayta-qayta bu odamni deputatligiga urg‘u berilmoqda? Agar qoidani, qonunni buzgan bo‘lsa, qonun oldida javob bersin, tamom. TVga olib chiqib, hamma deputatlarni umumiy tarzda yomon otliq qilish kerak emas”, deydi deputat.
G‘aniyev, shuningdek, nima sababdan videoda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mag‘firat Xushvaqtovaning yaqinda shifokorlarning huquqini himoya qilib, bildirgan fikrlarini ham noto‘g‘ri deb, deputatni populizmda ayblanganini savol ostiga oladi. Bu va bu kabi boshqa deputatlarga bog‘lab chiqarilgan salbiy holatlar xuddi deputatlarga “signal” berish uchun, ogohlantirish maqsadida tayyorlangandek tuyulganini aytadi.
“Kamiga video tasvirda muxbir tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining yaqinda shifokorlarimiz huquqini himoya qilib, bildirgan fikrlarini ham noto‘g‘ri deb, deputatni populizmda ayblayabdi. Nima endi Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati o‘ziga kelib tushgan murojaatlar yuzasidan ijro hokimiyati faoliyati yuzasidan munosabat ham bildirishi mumkin emasmi? Axir bu uning eng asosiy vazifasi-ku...
Qolaversa, bunday qo‘pol qoida buzarliklar Ichki ishlar va huquq tartibot idoralari xodimlari, ijro hokimiyat vakillari tomonidan sodir etilmaydimi? Nega ular tomonidan buzilgan qoidabuzarliklar namuna qilinib, jamoatchilikka yoritilmaydi? Yo men ko‘rmay qoldimmi?
Qisqasi, menga bu va bu kabi boshqa deputatlarga bog‘lab chiqarilgan salbiy holatlar xuddi deputatlarga “signal” berish uchun, ogohlantirish maqsadida tayyorlangandek tuyulyapti. Ehtimol, kimlargadur deputatlarni oxirgi paytlarda faollashgani, ijro hokimiyati, huquq-tartibot idoralari, IIV faoliyatini tanqid qilgani yoqmayapti shekilli. Yana kim bilsin. IMHO”, deya shaxsiy fikrlarini bildirgan Doniyor G‘aniyev.
LiveBarchasi