Muxolifatni va’da qilgan Mirziyoyev, quvilgan amaldorlar, orasi sovuqlashgan Putin va Erdo‘g‘an – Hafta tahlili

Tahlil

Biz odatda dunyoga o‘zimizning oilaparvarligimiz, oilaga sodiqligimiz, bolajon xalqligimiz, bolalarimiz ko‘pligi bilan maqtanamiz. Lekin aksar oilalarda bolalar soni 2-3 tadan oshmayapti. Qolaversa, bir vaqtlar – dodam zamonida eshitganim, oltmishvoy, yetmishvoylar tug‘ilayotganini-ku hozir umuman eshitmayman. O‘zimizda eshitmayman. Lekin Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Boris Jonson “tog‘am” yoshlari bir kam 60 ga yetgan bo‘lsa-da, o‘tgan hafta sakkizinchi bor ota bo‘lganlari bilan quvontirdilar. Bundan 10 oy avval Bosh vazirlikdan iste’foga chiqqan Jonsonning oilasida 9 oy 9 kun 9 soat o‘tib, o‘g‘il dunyoga keldi. Unga oltmishvoy emas, Odissey deb ism qo‘yildi. Hafta davomida sodir bo‘lgan shu va boshqa voqealar tahlili bilan quyida tanishing.

Tatyana Karimova kimga nimani isbotlamoqchi?

Xuddi atay qilgandek, oxirgi haftalarda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning oila a’zolariga oid xabarlar bilan boshlayapmiz Hafta tahlilini. Har hafta mutlaqo ular bilan bog‘liq qandaydir voqea bor: goh Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova qamoqda qolayotgan qizi Gulnora Karimovani ko‘rolmayotganidan yozg‘irsa, goh Islom Karimovning o‘g‘li vorislik huquqini talab qilib, sudga murojaat qiladi. Xullas, oila ham, uning atrofidagi gap-so‘zlar ham tinayotgani yo‘q. Bu hafta esa “tarmoq yulduz”i yana Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova bo‘ldi. 

Bilasiz, ko‘pchiligingiz borgansiz, qatnashgansiz, 9 iyul kuni Prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Tatyana Karimova bir kun o‘tib, 10 iyulda Instagram’dagi sahifasiga saylovga borgani, ovoz berayotgani aks etgan suratni joylashtirdi. Suratda Akbarovna qo‘lida saylov byulletenini ochiq tutgani aks etganu u qaysi nomzodni yoqlab belgi qo‘ygani unchalik ham ko‘rinmagan, lekin ko‘ringan. Hozir nima ko‘p – bloger, nima ko‘p – qo‘lida telefon tutib, birovni sazoyi qilishga tayyorlar ko‘p. Shulardan biri suratni o‘ziga ko‘chirib olib, “Tatyana Karimova hech qaysi nomzodga ovoz bermadi, nega ekan a?” deya g‘iybatomuz post chiqardi. Ana, ko‘ring endi tomoshani. Butun tarmoqqa muhokama uchun mavzu topildi. 

Oxir-oqibat Tatyana Karimovaning Instagram sahifasidan birinchi posti o‘chirildi, surat takroran, bu safar belgining ustidan kompyuterda yana qalinlashtirib chizib, izohlar bilan qayta e’lon qilindi. 

“Qadrli do‘stlar, afsuski, internetda bugun qo‘ygan suratim bilan bog‘liq ataylab buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar paydo bo‘ldi va aniqlik kiritishni lozim deb bilaman. 

Ijtimoiy tarmoqqa joylashda surat sifati yomonlashishi va suratdagi ayrim detallar aniq ko‘rinmasligini hamma yaxshi biladi. Mana, bugun e’lon qilingan asl fotosurat, bu mening tanlovimni aniq ko‘rsatib turibdi”, deb yozishga majbur bo‘ldi 75 yoshni qarshilayotgan Tatyana Karimova. 

Bu orada tahririyatimizga bir necha bor Islom Karimov fondidan, Tatyana Karimovaning vakillaridan qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Shu bois aytamizki, tugayotgan hafta Tatyana Karimova kimga ovoz berganini isbotlashga uringan hafta sifatida yodda qoldi. 

Mirziyoyev uchinchi bor qasamyod qabul qildi

87,05 ovoz bilan saylovda g‘alaba qilgan va 7 yillik muddatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kursisini egallagan Shavkat Mirziyoyev 14 iyul kuni lavozimga kirishish oldidan Oliy Majlis palatalari vakillari, Hukumat a’zolari, xorijiy diplomatlar qarshisida tantanali qasamyod qildi. 

Marosimda nutq qilgan Shavkat Mirziyoyev kelgusidagi rejalari haqida so‘z ochdi. 

“Kimki “Saylov o‘tdi – safarbarlik tugadi”, deb  o‘ylasa, xato qiladi. Haqiqiy safarbarlik endi boshlanadi. Chunki xalqimiz bizga ishonib topshirgan katta-katta reja va dasturlarni o‘zimiz bajarmasak, ayting, chetdan kim kelib bajarib beradi?” deydi Prezident.

U yer yuzining turli mintaqalarida davom etayotgan qurolli mojarolar global tinchlik va osoyishtalikka jiddiy putur yetkazayotgani, bunday nizo va to‘qnashuvlar, shafqatsiz raqobat savdo va investitsiya oqimlarini, tovar va xizmatlar aylanishini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi bo‘yicha yangi muammolar keltirib chiqarayotganini aytdi. 

“Biz mana shunday og‘ir va tahlikali vaziyatda xalqimiz manfaatlariga javob beradigan yagona to‘g‘ri yo‘lni – samarali ichki va tashqi siyosat yo‘lini aniq belgilab olishimiz va uni qat’iy amalga oshirishimiz lozim”, deydi Mirziyoyev.

Shuningdek, u mamlakatda konstruktiv muxolifat faoliyatini ta’minlashga va’da berdi.

“Biz demokratiya va ochiqlik siyosatini izchil davom ettirib, konstruktiv muxolifat faoliyatini, so‘z va matbuot erkinligi, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatishga bo‘lgan huquqlarini kafolatlaymiz”, deydi davlat rahbari.

Inauguratsiya marosimida ishtirok etgan “Amerika ovozi”ning o‘zbek xizmati jurnalisti Navbahor Imomova marosimni sharhlar ekan, Prezident Mirziyoyev undu odamlarning tilidagi gaplarni aytgani, u kirmagan, u to‘xtalmagan mavzular deyarli qolmaganini urg‘uladi. 

Shuningdek, saylov va Inauguratsiya marosimini yoritish uchun Vashingtondan kelgan Imomova, Senat va Prezident Administratsiyasi binolari yonida, ularni fon o‘laroq qo‘llab video olishiga Ichki ishlar xodimlari tomonidan ruxsat berilmaganini aytdi. 

Marosimda Prezidentning qayd etishicha, O‘zbekiston hukumati kelgusi 7 yilda qonunlarni, odamlarni mensimaydigan, ularga qo‘pol munosabatda bo‘ladigan, byurokratiya va korrupsiya balosiga berilgan har qanday rahbar bilan – u vazir yoki hokim bo‘ladimi, boshqa mas’ul vazifadagi amaldor bo‘ladimi – salbiy harakatlari bilan davlat obro‘siga putur yetkazayotganlar bilan uzil-kesil xayrlashadi. Prezident ayrimlar bilan shu haftaning o‘zidayoq xayrlashib, idorasining chiqish eshiklarini ko‘rsatdi. Bunga birozdan keyinroq to‘xtalamiz. 

Makronga kesilgan barmoq yuborildi

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning qarorgohiga pochta orqali kesilgan odam barmog‘ini jo‘natishdi. Barmoq xatjild ichida Fransiyaq Prezidentining Parijdagi Yelisey saroyining yozishmalar bo‘limiga 9 iyuldan 10 iyulgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida kelib tushgan.

Xavfsizlik xizmati vakillarining xabar berishicha, barmoq solingan konvert saroydagi politsiya xodimlarining ovqatlari saqlanadigan muzlatkichga qo‘yilgan. Kesilgan barmoq kimga tegishliligi zudlik bilan aniqlangan. Shundan so‘ng muammoli holatlar bo‘yicha tegishli tartib ishga tushirilgan.

Yelisey saroyi holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni, xususan barmoq kimga tegishliligi va u nima maqsadda tashlab ketilganini ochchiqlashdan bosh tortgan. 

11 yashar qiz ona bo‘ldi

Biz buyoqda 59 yashar Boris Jonsonning sakkizinchi, rasman yettinchi bor ota bo‘lganini muhokama qilyapmiz. Albatta, bu eshitgan kishining yuziga tabassum yugirtiradigan holat. Ammo navbatdagi xabarimiz o‘ta afsusli va yetkazishga majburmiz. Rossiyaning Novosibirsk viloyatida 11 yoshli maktab o‘quvchisi farzandli bo‘ldi. Buni Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Tatyana Anoxina tasdiqladi. 

Qayd etilishicha, ushbu viloyatda har yili ko‘plab qizlar voyaga yetmay ona bo‘ladi. Biroq bu darajada erta tug‘ruq holatlari juda kam uchraydi. Rasmiylarning bildirishicha, yiliga 15 dan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘nga yaqin voyaga yetmaganlarda erta homiladorlik aniqlanyapti. 

Afsus bilan aytish kerakki, sog‘lom farzandni dunyoga keltirgan 4-sinf o‘quvchisi so‘nggi o‘n yillikdagi eng yosh onaga aylangan. Kutilganidek, bolaning otasi haqida esa hech qanday ma’lumot yo‘q. 

Homilador onasi bolasi bilan vafot etdi

Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi tug‘ruqxonada homilador ayol chaqalog‘i bilan vafot etdi. 

Gap shundaki, 14 iyul kuni soat 06:45 da Nurafshon shahar tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limiga O‘rtachirchiq tumani “Gulobod” MFY da yashovchi 30 yashar ayol 3-homiladorlik 38-hafta 2-tug‘ish, o‘tkir ichak infeksiyasi sepsis, septik shok, gipovalinik shok, isitmasi yuqori holatdagi tashxisi bilan olib kelingan.

Sog‘liqni saqlash vazirligidan xabar qilinishicha, bemor muassasaga olib kelinganida ahvoli o‘ta og‘ir, terisi rangpar, sovuq ter bosgan, arterial qon bosimi 70/40 mm simob ustuniga teng, tana harorati 39,5 daraja, tananing shilliq qavatlari ko‘kimtir rangda, karaxt va savollarga aniq javob bera olmaydigan holatda bo‘lgan.

Vazirlik iddaosicha, ayol zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Shundan so‘ng navbatchi brigada akusher-ginekologlari hamda anesteziolog-reanimatolog tomonidan barcha zarur reanimatsion muolajalar amalga oshirishga kirishilganmish. 

Dastlab ikki tomonlama periferik vena, keyinchalik markaziy  vena kateterlanib, markaziy venoz bosim past bo‘lganligi uchun shokka qarshi, yurak-qon tomir, nafas olish tizimini qo‘llab-quvvatlovchi tezkor chora-tadbirlar o‘tkazilgan.

Shuningdek, bemor o‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasiga o‘tkazilgan. Biroq markaziy vena orqali bajarilgan massiv infuzion muolajalar va jadal reanimatsion terapiyaga qaramay, uning gemodinamikasi tiklanmagan.

Oqibatda 2023 yil 14 iyul soat 07:30 da bemorda klinik o‘lim holati qayd etilgan. Navbatchi anesteziolog-reanimatolog shifokorlar tomonidan yurak-o‘pka reanimatsiyasi 40 daqiqa davomida olib borilgan, lekin yurak faoliyati tiklanmagan. Oqibatda soat 08:10 da bemorda biologik o‘lim kuzatilgan.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, Nurafshon shahar prokuraturasi tomonidan ayolning o‘limi holati bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Amaldorlarning kutilgan “uchishi”

Boyaroq 7 yillik Prezidentlik muddatiga kirishgan Shavkat Mirziyoyev shu haftaning o‘zidayoq ko‘plab rahbarlarga qo‘l siltab, xayrlashgani haqida aytgandik. O‘sha xabarning navbati endi keldi. 

Tugayotgan haftada investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Mirziyoyev Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev, Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi, Elyorbek Nabijonov, Buxoro tumani hokimi, Xayrullo Jo‘rayev, Mirishkor tumani hokimi, Sherali Sanayev, Chiroqchi tumani hokimi, Nodir Erkayev, Xatirchi tumani hokimi Sayfiddin Nizomov, Payariq tumani hokimi Zafar Ergashev, Oqoltin tumani hokimi Dilmurod Fozilov, Guliston tumani hokimi Saydimqul Begimqulov, Oqqo‘rg‘on tumani hokimi Alisher Karimjonov, Navoiy shahri hokimi Murodxon Egamqulov va Yangiyo‘l shahar hokimi Farhod Mirzayevni lavozimidan oldi. Bosh prokuratura va Hisob palatasiga ushbu hokimlar faoliyatini o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.

Ushbu hududlarda investitsiya dasturida belgilangan vazifalarni bajarish, mablag‘larni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari pastligi, investitsiya muhiti qoniqarsizligi tanqid qilindi. Ammo Bosh prokuratura o‘rganish natijalarini e’lon qilishi haqida hozircha bir narsa deyolmayman. Chunki joriy yil boshida Prezident Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturaga lavozimidan ozod etilgan Jahongir Ortiqxo‘jayev faoliyatini o‘rganish va qonun buzilishlari aniqlangan taqdirda, qat’iy javobgarlikka tortishni topshirgan edi. Biroq natijalar e’lon qilinmadi. 

Xullas, joriy hafta Prezident o‘tkazgan yig‘ilishdan uzoqlashmay. Unda yana kutilgan bir qator lavozimdan quvilishlar ro‘y berdi. Xususan, Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Baxtiyor Kamolov, Transport vaziri  o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Sohib Saifnazarov, “Temir yo‘l” AJ raisi Xusniddin Xosilov va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev lavozimidan ozod etildi. 

“O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ raisi Bahodir Jo‘rayev, “O‘zsanoatqurilishbank” raisi Saxi Annaklichevga “hayfsan” e’lon qilindi.

Prigojin o‘lganmi yo qamoqdami?

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojinning isyonidan besh kun o‘tgach, Kremlda uchrashgan. Ushbu uchrashuv joriy yilning 29 iyun kuni o‘tgan bo‘lsa-da, uning isi tugayotgan haftada chiqdi. Avvaliga bu haqda Fransiyaning “Libération” nashri rezvedka ma’lumotlariga asoslanib, yozdi. Keyin shuncha vaqt mum tishlagan Kreml voizi Dmitriy Peskov tilga kirdi va uchrashuv haqiqatdan ham o‘tganini tasdiqladi. 

Peskovning aytishicha, Kremlga jami 35 kishi taklif qilingan. Ular Prigojin boshchiligida barcha otryad komandirlari va kompaniya rahbariyati. Uchrashuv uch soat davom etgan.

Putin uchrashuvda “Vagner”ning “maxsus operatsiya” paytida frontda amalga oshirgan harakatlariga baho bergan. Shuningdek, 24 iyun kungi voqealarga tavsif berilgan va qo‘mondonlarning tushuntirishlari tinglangan. Peskovga ko‘ra, uchrashuvga yig‘ilganlar davlat rahbari va oliy bosh qo‘mondonning sodiq tarafdorlari va askari ekanlarini isbotlashga uringan. 

Oradan ko‘p o‘tmay, Prigojin rahbarligidagi “Vagner” haqida miq etmay kelayotgan Prezident Putin ham tilga kirib, “Kommersant” muxbiriga “Vagner” kabi xususiy harbiy kompaniyalar mamlakat qonunchiligi bo‘yicha mavjud emasligini aytdi. 

U “Vagner” rahbarlari bilan bo‘lgan uchrashuv tafsilotlarini ham ochiqlagan. U “Vagner”chilarga harbiy xizmatni davom ettirishning bir nechta variantlarini taklif qilgan. Jumladan, Seda qo‘mondonligida xizmat qilishni maslahat bergan.

Rossiya yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, uning bu taklifidan so‘ng aksar komandirlar bir varakayiga bosh irg‘agan bo‘lishiga qaramay, Prigojin “yigitlar bunday qarorga rozi emas”, deya bunga qarshi chiqqan.

O‘tgan voqealardan keyin Prigojin ko‘rinish bermadi. Amerika Qo‘shma Shtatlarining iste’fodagi generali Robert Abrams Prigojin muvaffaqiyatsiz isyondan so‘ng o‘ldirilgan yoki qamalgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. U “ABC News” telekanaliga bergan intervyusida Prigojinni yana ko‘rishiga shubha qilishi, u yo yashirinishi yoki qamoqqa yuborilishi, bo‘lmasa yana boshqa yo‘l bilan masalasi hal qilinishini aytgan. U, hatto, Prigojinning tirikligiga ham shubha qilgan. 

Litvada o‘tgan NATO sammitidan so‘ng, 13 iyul kuni Finlyandiyaga borgan AQSH Prezidenti Jo Bayden esa “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojinga muvaffaqiyatsiz qo‘zg‘alondan so‘ng “zaharlanishdan ehtiyot bo‘lishni” maslahat bergan. 

“Agar men uning o‘rnida bo‘lganimda, yeyotgan narsalarimga ehtiyot bo‘lardim. Taomnomamga e’tiborli bo‘lardim”, deydi Bayden.

AQSH rahbari mazkur hazil orqali Rossiya maxsus xizmatlari Putinning siyosiy raqiblarini zaharlab o‘ldirishga uringani haqidagi bir qator shov-shuvli xabarlarga ishora qilgan.

Prigojinning atrofidagi gaplar tinmayotgan bir paytda xalqaro ommaviy axborot vositalarida u  onkologik kasallikka chalingani haqida xabarlar tarqaldi. Aytilishicha, Prigojin uzoq vaqtdan buyon qorin bo‘shlig‘i saratonidan davolanib kelgan va jiddiy muolajani boshidan o‘tkazgan. 

Shuningdek, Prigojin kasalikdan davolanish maqsadida Vladimir Putinning qizi Mariya Vladimirovna Voronsovaga tegishliligi aytilgan “Sogaz” klinikasida bo‘lgan va u klinikaning imtiyozli mijozlaridan biri hisoblangan.

O‘zbekiston AQSHdan yordam so‘radimi?

13 iyul kuni AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Elizabet Xorst Kongress Vakillar palatasi Tashqi ishlar qo‘mitasidagi tinglovda Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar oqibatlarini bartaraf etishda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ishlamoqda va ularga Moskva va Pekin bilan munosabatlarga muqobil variant taqdim etishga tayyor ekanini aytdi. 

“Ular bizdan sanksiyalar masalasida qo‘llab-quvvatlashimizni, [Rossiya va Xitoyning] bosimiga qarshi turish yo‘lini topishda yordam berishimizni, ularga muqobil yo‘l ko‘rsatishimizni so‘rashmoqda. Biz ular bilan sanksiyalar masalasida, ayniqsa, O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan, o‘z iqtisodlari vayron bo‘lmasligi uchun juda faol ishlayapmiz”, deydi u.

Xorstning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar endi Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlash imkoniyatiga ega. Vashingtonning bu davlatlarga yuborayotgan xabarida ham Rossiya, ham Xitoy bilan munosabatlarga muqobil mavjud. 

U, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar va Qozog‘istonning “energetika sohasida uzoq yillik munosabatlari” borligini, shu munosabat bilan Vashington Ostonaning bu sohada Moskvaga qaramligini kamaytirishga harakat qilayotganini aytgan.

Yodingizda bo‘lsa, joriy yilning 28 fevral – 1 mart kunlari Qozog‘iston va O‘zbekistonga kelgan AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Prezidentlar Qosim-Jomart To‘qayev va Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, qator masalalarni muhokama qildi. Prezident Jo Baydenning mesejlarini yetkazdi. 

Blinkenning o‘shanda aytganlarini eslasak: Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalarning amalga oshirilishini diqqat bilan kuzatib boradi, biroq ayni paytda Rossiya Federatsiyasi bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan, shu jumladan Markaziy Osiyodagi kompaniyalar uchun yengillikni qabul qiladi.

U o‘shanda Qo‘shma Shtatlar sanksiyalar ostida qolgan Rossiya kompaniyalari bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan kompaniyalarga maxsus ruxsatnomalar berishi, bunday ruxsatnomalar kompaniyalarga o‘z faoliyatini qisqartirish va rossiyalik hamkasblar bilan aloqalarni to‘xtatish uchun zarurligini aytgandi. 

Erdo‘g‘an va Putin munosabatlari jar yoqasida?

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘rtasidan olamushuk o‘tgandek. Yo ular haqiqatdan ham munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish davrida, yoki dunyo uchun o‘zini shunday tutib, bir-biriga sovuqqon munosabatda bo‘lyapti. Axir – bu siyosat. Ayniqsa, Erdo‘g‘an Putinga tars harakatlari bilan dunyoning og‘ziga tushdi. U joriy hafta Litvaga, NATO sammitida qatnashish uchun borib, Ukrainaning NATOga qabul qilinishiga qarshi emasligini aytdi. Kamiga u Shvetsiyaning ham NATOga qo‘shilishiga rozi, faqat sharti bor.

Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan Vilnyusda uchrashuv o‘tkazgan Erdo‘g‘an, bu safar qo‘lidagi qartalar orasida yangi tuzlarni o‘rtaga tashladi. O‘tgan yil Madrid sammitida Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga rozi bo‘lish uchun ularda Kurdiston ishchilar partiyasi, Suriya xalq o‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlarini terrorchilik harakati deb e’lon qilish, ular faoliyatini taqiqlash, FETO terror guruhi sifatida Turkiya tomonidan qidiruvga berilgan shaxslarni Anqaraga ekstraditsiya qilish va Amerikaning F-16 qiruvchi samolyotlarini sotib olishga qo‘yilgan taqiqni yechish talablarini qo‘ygan Erdo‘g‘an o‘tgan bir yilda bularning ayrimlariga erisha oldi. Galdagi sammitga esa u Turkiyaning azaliy orzusi ustiga lenta o‘rab, qadoqlab keldi. Bu Yevropa ittifoqiga qo‘shilish. Turkiya Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishini juda xohlayotganlar oldiga shart qo‘ydi. Yo Turkiya Yevropa Ittifoqiga a’zo qilinadi, yo Shvetsiya uchun NATO orzuligicha qoladi. Shu zahoti Yevropa Erdo‘g‘an atrofida aylandi. “Siz qo‘shilaman deysizu biz yo‘q deymizmi, marhamat, keling, oilamiz katta, dasturxonimiz keng” qabilidagi so‘zlar yangray boshladi. Stoltenbergdan Baydengacha Erdo‘g‘anning talabini qo‘lladi. Bundan erib ketgan Turkiya rahbari ham mendan nima ketdi degandek, Turkiya parlamenti yozgi ta’tildan qaytib, 1 oktyabr kuni ish boshlagach, birinchi sessiyaning o‘zidayoq Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha murojaatini ratifikatsiya qilishini aytdi. 

Bu orada esa Putin bilan munosabatlar unchalik yaxshimas. Erdo‘g‘an har ikki gapning birida Putin avgustda Turkiyaga kelishini aytyapti. Buni hozirgacha na Putinning o‘zi, na uning korchalonlari tasdiqladi. 

17 iyul kuni BMT shafeligida Turkiya, Rossiya, Ukraina o‘rtasida tuzilgan don shartnomasi tugayapti. Erdo‘g‘an ushbu shartnomani uzaytirish taraddudiga tushib qolgan. Lekin Putinning tilini topolmayapti. Topolmaydiyam-da. U hali Shvetsiyani, hali Ukrainani NATOga qo‘shmoqchi bo‘ladiyu Putin nima desa qulluq qilib turadimi? Aksincha, avvallari don shartnomasi loyihasi natija bermayotgani, qora dengiz orqali tashilgan donlar kelishuvga ko‘ra kambag‘al davlatlarga emas, Rossiyaning ko‘zini shamg‘alat qilib, boy mamlakatlarga eltib berilganini Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, uning voizi Mariya Zaxarova, juda bo‘lmasa, Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovdan eshitayotgan bo‘lsak, bu gal ushbu loyihani shaxsan Putinning o‘zi qoralab chiqdi. 

“Ukraina g‘allasini eksport qilish xavfsizligini ta’minlashga kelishilgan shartlarga kelsak, ha, BMT bilan ushbu kelishuvning bandlari bor edi, unga ko‘ra Rossiya manfaatlarini hisobga olish kerak edi: bu logistika, bu sug‘urta, bu bizning mahsulotimiz uchun to‘lov bilan bog‘liq pul harakati va boshqa ko‘plab fikrlar. Hech narsa, men buni ta’kidlamoqchiman, umuman hech narsa qilinmadi. Hammasi bir tomonlama o‘yin. Rossiya Federatsiyasining manfaatlari mavjudligi bilan bog‘liq biron bir nuqta bajarilmagan. Shunga qaramay, biz o‘z ixtiyorimiz bilan ushbu shartnomani ko‘p marta uzaytirdik. Ko‘p marotaba. Lekin, bilib qo‘ying, yetar endi”, deydi Putin. 

Bu gapdan ko‘rinadiki, Putinning Erdo‘g‘andan ham, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishdan ham hafsalasi pir bo‘lgan. 

NATO sammitiga qaytadigan bo‘lsak, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy u yerdan yana alyansga qo‘shilish haqidagi gaplar bilan qo‘yni puch yong‘oqqa to‘lib qaytdi. Ha, Ukraina NATOga qo‘shilishi kerak, u bunga haqli, u bo‘lmasa boshqa yana kim? Lekin hozirmas. Urush sharoitida NATO uni o‘z davrasiga ololmaydi. Hamma Ukrainani qurol bilan ta’minlashi mumkin, lekin u uchun Rossiya bilan keskinlikka bormaydi. Qolaversa, qish yaqin. G‘arb esa hali uyini isitishi kerak. Bayden va Stoltenberg Ukraina urushda g‘olib bo‘lgach, NATOga kirishini aytgani hamon Putin bunga o‘z munosabatini bildirib, shunday dedi:

“Ukrainaning NATOga a’zoligiga kelsak, biz bu Rossiya xavfsizligiga tahdid solayotganini bir necha bor aytganmiz, shubhasiz. Va, aslida, “maxsus harbiy operatsiya”ning sabablaridan biri Ukrainaning NATOga qo‘shilish tahdididir”, deydi Putin. 

Putinga ko‘ra, NATOga a’zolik Ukraina uchun xavfsizlik kafolati emas, aksincha, dunyoni yanada zaifroq qiladi va xalqaro maydonda qo‘shimcha keskinlikka olib keladi.

BMTda Qur’onni tahqirlashga qarshi rezolyutsiya qabul qilindi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson Huquqlari Kengashi Qur’onni tahqirlash harakatlarini qoralab, aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi. Bu haqda tugayotgan haftada Jenevada bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 53-sessiyasida Islom hamkorlik tashkiloti tashabbusi bilan o‘tkazilgan tezkor muhokama yakunlari bo‘yicha qabul qilingan rezolyutsiyada so‘z borgan. 

“Inson Huquqlari Kengashi diniy nafratning har qanday targ‘iboti va ko‘rinishlarini, shu jumladan yaqinda ommaviy va qasddan qilingan Qur’oni Karimni tahqirlash harakatlarini qoralaydi va qat’iyan rad etadi hamda aybdorlarni davlatlarning xalqaro huquqbuzarliklardan kelib chiqadigan majburiyatlariga muvofiq ravishda javobgarlikka tortish zarurligini ta’kidlaydi”, deyiladi rezolyutsiyada.

Qabul qilingan hujjatni 28 ta davlat yoqlab, 12 davlat esa qarshi ovoz bergan. 7 davlat betaraf qolgan. Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kosta-Rika, Litva, Lyuksemburg, Ruminiya, Finlyandiya, Fransiya, AQSH, Chernogoriya va Chexiya rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan. Belgiya (barcha Yevropa Ittifoqi davlatlari nomidan), Buyuk Britaniya va AQSH delegatsiyalari ovoz berishdan oldin so‘zga chiqib, Pokiston va Falastin davlati tomonidan taqdim etilgan rezolyutsiya loyihasini qo‘llab-quvvatlamasliklarini, chunki ularning fikricha, bu hujjatda so‘z erkinligi kafolatlariga yetarlicha e’tibor berilmaganini aytgan.

Jazoir, Argentina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Hindiston, Kuba, O‘zbekiston va Janubiy Afrika Respublikasi kabi davlatlar diniy adovat targ‘ibotini, shu jumladan Qur’onni tahqirlash xatti-harakatlarini qoralovchi va aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qiluvchi Inson Huquqlari Kengashi rezolyutsiyasini yoqlab ovoz bergan.

Tugayotgan haftada “Tolibon” Stokgolmda Qur’on yoqib yuborilgani munosabati bilan Shvetsiyaning Afg‘onistondagi vakolatxonalari ishini to‘xtatganini e’lon qildi. Shuningdek, “Tolibon” boshqa musulmon davlatlarini Stokgolm bilan aloqalarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Hafta tahlili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing