Avtobusda yongan umrachilar, oshayotgan oylik va narx, og‘irlashgan qarz yuki – Hafta tahlili
Tahlil
−
01 aprel 2023
13260Urushda g‘olib bo‘lmaydi, unda hamma yutqazadi degan gapni ko‘p eshitamiz. Eng qizig‘i, bu gapni bot-bot takrorlayotlarning o‘zi o‘sha urushlardan ko‘proq foyda oladi. Joriy yil yoz mavsumida Turkiyada dam olish o‘tgan yildagiga qaraganda 20-30 foizga qimmatlashi kutilmoqda. Bu esa, albatta, talab bilan bog‘liq. Rossiya-Ukraina urushi davom etishi, millionlab ukrainlar va ruslarning Turkiyadan panoh topishi, Yevropa mamlakatlari bilan parvozlarning yopilishi natijasida Turkiyada ruslar ko‘paygandan ko‘paydi. Qadamda ruslarni uchratasiz. Mehmonxonalar tugul, hostellar, bir necha kunlik ijara uylarining narxi ham osmonu falakka chiqqan. Mana, sizga boshqa bir mamlakat tanazzulining qo‘shni mamlakatga keltirayotgan foydasi. Navbatdagi hafta voqealari tahlili bilan tanishing.
Urushdan qochgan o‘zbekistonliklar yo‘lda halokatga uchrashdi
Gapni bejiz urush va undan qochayotganlardan boshlaganim yo‘q. Ukrainadan Turkiyaga qochganlar orasida o‘zbekistonliklar ham ham. Tugayotgan haftada ularning bir guruhi mikroavtobusda yo‘l-transport hodisasiga uchrab, avtomobilda bo‘lgan 37 yashar Jamila Islom vafot etdi, yana 8 o‘zbekistonlik jarohatlandi. Ularning 4 nafarining ahvoli og‘ir.
Hodisa joriy yilning 30 martiga o‘tar kechasi soat 00:30 atrofida Turkiyaning Sivas-Erzinjon trassasining Zara tumani yaqinida sodir bo‘lgan. O‘zbekistonliklarni olib ketayotgan mikroavtobus qor yog‘ishi oqibatida sirpanchiq yo‘lda boshqaruvdan chiqib ketgan.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina-Rossiya urushi tufayli qayta joylashtirish migratsiyasi doirasida Ukrainadan Turkiyaga olib kelingan va Erzinjonning Uzumli tumaniga joylashtirilgan O‘zbekistondan 9 kishilik guruh pasport olish uchun Ukrainaning Anqara elchixonasiga borgan. Ular pasportlarni olib, Uzumliga qaytayotganda halokatga uchragan.
Voqea oqibatida hayotini yo‘qotgan Jamila Islomning jasadi Erzinjonning Uzumli tumaniga keltirilgan.
Umraga otlangan 20 kishi avtobusda yonib ketdi
Saudiya Arabistonida muqaddas Umra ziyoratiga ketayotgan 20 kishi yonib ketdi. Qo‘rqmang, ular orasida o‘zbekistonliklar yo‘q.
Gap shundaki, Saudiya Arabistonida yamanlik ziyoratchilarni Makkaga olib ketayotgan avtobus Abha shahridagi ko‘prikdan o‘tayotgan vaqtida yonib ketgan. Hodisa oqibatida 20 kishi halok bo‘lgan, 29 kishi tan jarohati olgan.
Voqea joyiga ko‘plab tez yordam va o‘t o‘chiruvchilar jo‘natilgan, jarohatlanganlar yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ushbu baxtsiz hodisa ishtirokchilari orasida o‘zbekistonliklar bo‘lmaganini aytib chiqdi. Ammo bu avtobuslarning yo‘l-transport hodisasiga uchrashi o‘zbekistonliklar bilan uchramaydi, degani emas.
2022 yilning 27 dekabr kuni Umra safariga borgan o‘zbekistonliklar o‘tirgan avtobus Saudiya Arabistonida yo‘l-transport hodisasiga uchradi. O‘sha vaqtda QALAMPIR.UZ’ga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, avtobusda 50 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan. Ularning 17 nafar yengil, 3 nafari og‘ir tan jarohati olgan. Jarohatlanganlar orasida operatsiya qilinganlar ham bor.
Chorvoq ostida o‘liklar
Tugayotgan haftada Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani Chorvoq suv ombori qirg‘oqlarida odam suyaklari topildi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, bu yerlarda tarixiy qabriston bo‘lib, u suv ombori ostida qolib ketgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda odam bosh chanog‘i suyagi aks etgan video tarqaldi. Unda tasvirlangan holat bo‘yicha Bo‘stonliq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv boshlandi.
Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, ushbu qirg‘oqda bundan bir necha yillar avval, Bo‘stonliq tumanidagi “Bolodala” MFY hududida joylashgan “Bezgati bog‘” qabristoni bo‘lgan, ushbu qishloqda yashovchi aholi shu qabristonga dafn etilgan, Chorvoq suv omborida suv sathining ko‘tarilishi natijasida “Bolodala” MFY hududida joylashgan “Bezgati bog‘” qabristoni suv ostida qolib ketgan, hozirda suv sathi pasayganligi sababli, qabristondan odam suyaklari yuzaga chiqqan.
O‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, Chorvoq suv omborida har yilning boshida suv sathi pasayishi ortidan bunday holatlar kuzatilib turadi.
Nosoz arg‘imchoq bir oilaning "boshiga yetdi"
Buxoro viloyatida “Somoniylar” istirohat bog‘i hududidagi “Tvister” nomli charxpalak attraksionidagi bitta arg‘imchoq o‘z o‘qi atrofidan chiqib, taxminan 6 metr uzoqlikka uchib ketdi. Oqibatda o‘sha paytda arg‘imchoqda bo‘lgan erkak, uning turmush o‘rtog‘i va ularning farzandi tan jarohati oldi.
Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining ma’lum qilishicha, 2022 yilning dekabr oyida favqulodda vaziyatlar bo‘linmalari xodimlari bilan hamkorlikda ushbu attraksionning xavfsizlik holati tekshirilganda u statik va dinamik sinovlardan o‘tkazilmagani, attraksiondan foydalanish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma olinmagani, undan xavfsiz foydalanish bo‘yicha javobgar shaxs tayinlanmagani aniqlangan. Shunga qaramay, attraksion ishlayvergan, birov mushugini pisht demagan. O‘zi bizda shunaqa. Qaysidir uy yiqilgandan keyin bu uy xavfsizlik talablariga javob berilmay qurilgan bo‘lib chiqadi, yeri o‘zboshimchalik bilan egallangan bo‘ladi, ruxsatnomasi bo‘lmaydi. Lekin odamlar kirib yashayveradi. Qachonki, odamlar hayoti xavf ostida qolgandan keyin uyning egalari ogohlantirilgan bo‘lib chiqadi.
Endi gapning eng qizig‘iga keldik. Attraksion bo‘yicha o‘rganish o‘tkazgan o‘sha ishchi guruh tomonidan ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan hamda attraksiondan foydalanish taqiqlanganmish. Taqiqlangan bo‘lsa nega ishlayapti? Ishlayotgan bo‘lsa nega taqiqlanyapti? Nima shahar bedarvozami? Holbuki, buncha mas’ul idoralar turib, ular tekshiruv o‘tkazib, tadbirkor bilganini qilarkan, siz nimaga keraksiz bizga, janoblar?
Oxirida berilgan xulosaga ko‘ra, attraksionga javobgar shaxs tomonidan kundalik texnik nazorat amalga oshirilmagan. Nima? Men tushunmayapmanmi yo siz tushuntirib berolmayapsizmi? Bayonot avvalida attraksionga javobgar shaxs belgilanmagani iddao qilingand, oxirida esa javobgar shaxs kundalik tekshiruv o‘tkazmagani aytilyapti. Sizlarga issiq qattiq ta’sir qilyapti chog‘i. Bir gapda turinglar, bu attraksionga javobgar shaxs bormi yo yo‘qmi?
Xullas, aytilishicha, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda. Ota-ona va ularning farzandlari esa tirik. Ahvolini ko‘zimiz bilan ko‘rmadik, ular bilan muloqot qilish imkoni ham bo‘lmadi. Ammo Ichki ishlar ularning salomatligi joyida ekanini aytmoqda.
Farog‘onada 17 yashar qiz attraksiondan ag‘anadi
Farg‘onaning Rishton tumanida ham voyaga yetmagan qiz attraksiondan yiqilib, tan jarohati olgani ma’lum bo‘ldi. Holat joriy yilning 23 mart kuni sodir bo‘lgan bo‘lsada, joriy haftaga kelib isi chiqdi, uni yashirishning imkoni bo‘lmadi.
2005 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qiz bog‘dagi “Qaroqchilar kemasi” nomli attraksionda uchayotib, ehtiyotsizlik sababli undan tushib ketgan. Oqibatda tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasining qabul bo‘limiga olib kelingan.
Mazkur holat yuzasidan o‘sha kunning o‘zida Rishton tumani Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan va qizning olgan tan jarohati bo‘yicha sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Qiz shifoxonada davolanmoqda. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi uning ahvoli yaxshilanayotganini aytib chiqqan edi hamki, Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi qizning ahvoli og‘irligi, u jonlantirish bo‘limiga olinganini bildirdi. Xo‘sh, kimga ishonaylik?
Bayonotda aytilishicha, 17 yoshli qiz attraksionning mahkamlangan himoya zanjirini o‘z qo‘li bilan bo‘shatib yuborishi sababli yerga qulab tushgan. Ammo gap qizning harakatida ham emas. Inspeksiyaning aniqlashicha, “Qaroqchilar kemasi” attraksioni qo‘lbola usulda yasalgan bo‘lib, 2022 yil iyulda bog‘ga o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan. Ko‘ryapsizmi? Ikkinchi holatda ham inson hayotiga daxl qilinmagunigacha yo‘l qovushtirib o‘tirilgan. Siz joyiga chiqib, atrakksionlar holatini o‘rganishingiz uchun odamlar o‘lishi, bir umrga majruh bo‘lib qolishi shartmi, janoblar? Endi bu bayonotingizdan kimga nima naf?
Ayni vaqtda holat bo‘yicha Rishton tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani aytilgan.
6 yashar qizni zo‘rlagan erkaknin jazo muddati uzaytirildi
2022 yilning yozida Toshkentda katta yoshli erkak olti yoshar qizga tegajog‘lik qilgan, noyabrda esa jamoatchilik bundan xabar topgandi. Ayblanuvchi birinchi instansiya sudi tomonidan 10 yil muddatga qamalgan edi. Prokurorning apellyatsiya protestidan so‘ng sud jazo muddatini 15 yilga uzaytirdi.
O‘tgan yilning 22 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi 1975 yilda tug‘ilgan jinoyatchini Jinoyat kodeksining 25, 119-moddalari (Jinsiy ehtiyojlarni g‘ayritabiiy shaklda majburan qondirish) bilan jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topgan va u 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan edi.
Joriy yilning 9 yanvar kuni Yunusobod tumani prokurori Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga apellyatsiya arizasi yuborgan.
Oliy sudning ma’lum qilishicha, 2023 yil 16 fevral kuni Toshkent shahar sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining apellyatsiya instansiyasi Toshkent shahri Yunusobod tumani prokurorining ko‘rsatilgan murojaati asosida ushbu ishni ko‘rib chiqqan. Natijada aybdorga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2022 yil 22 dekabrdagi hukmi bekor qilingan. U Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Ta’kidlanishicha, birinchi instansiya hukmida jinoyat sodir etishga suiqasd (ya’ni tugallangan jinoyat emas, balki uni sodir etishga suiqasd) nazarda tutilgan 25-modda orqali ayblov ilgari surilgan. Biroq prokurorning shikoyatidan so‘ng, keltirilgan vajlarga muvofiq, apellyatsiya sudi bu suiqasd emas, balki tugallangan jinoyat, deb topib, qonunda belgilangan tartibda jazoni kuchaytirgan.
Putinning xavotirli qarori
Hafta davomida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yana bir xavfli qarori dunyo diqqat markazida turdi. U taktik yadro qurolini Belarusga joylashtirmoqchi.
Putin mazkur harakat yadroviy qurollarni tarqatmaslik va’dalarini buzmasligini aytgan bo‘lsada, bu Rossiyaning 13 oy avval Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri eng yaqqol yadroviy signallaridan biri bo‘ldi.
Dunyoning boshqa bir yadroviy qudrati bo‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlari esa Putinning bayonotiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lib, Moskva yadro qurolidan foydalanishni rejalashtirayotgani haqida hech qanday alomat yo‘qligini e’lon qildi.
Putin esa o‘z rejalarini AQSHning Yevropada o‘z qurollarini joylashtirishiga o‘xshatdi va Rossiya nazoratni Belarusga o‘tkazmasligini bildirdi. Ammo bu 1990 yillarning o‘rtalaridan beri birinchi marta Rossiya bunday qurollarni mamlakat tashqarisiga joylashtirishidir.
Putinning aytishicha, bu xuddi Qo‘shma Shtatlar o‘z taktik yadro qurollarini ittifoqdosh davlatlari hududiga joylashtirgan. Moskva ham yadro qurolini tarqatmaslik bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini buzmasdan xuddi shunday yo‘l tutmoqchi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Rossiya Federatsiyasining Belarus hududida taktik yadroviy qurollarni joylashtirish qaroridan xavotir bildirdi, boisi bu harakat yadroviy qurollarning tarqalishiga hissa qo‘shadi.
Putinning maqsadini ochiqlagan hujjat
Rossiya va Putindan uzoqlashmaymiz. Federatsiya G‘arbga dushman emas va o‘zini undan ajratib qo‘yish niyati yo‘q. AQSHni esa o‘zi va dunyo xavfsizligi uchun asosiy tahdid deb biladi. Bu haqda Federatsiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolangan Rossiya tashqi siyosatining yangi Konsepsiyasida so‘z borgan.
Konsepsiyada aytilishicha, Moskva G‘arbga nisbatan dushmanchilik niyatlariga ega emas. Qarama-qarshilik befoydaligini anglab yetish va teng huquqli hamkorlikka qaytishga ishonadi. AQSH kursini esa o‘z xavfsizligi va xalqaro tinchlik uchun xavflarning asosiy manbai deb biladi.
Rossiyaning asosiy ustuvor rejalari AQSH va dunyoning boshqa do‘stona bo‘lmagan davlatlari hukmronligi qoldiqlarini yo‘q qilishga qaratiladi.
Xitoy va Hindiston bilan aloqalarni chuqurlashtirish va muvofiqlashtirish alohida ahamiyatga ega.
Konsepsiyaga ishonilsa, Rossiyaning XXI asrdagi flagman loyihasi – bu Yevroosiyoni yagona tinchlik, barqarorlik, o‘zaro ishonch, taraqqiyot va farovonlik makoniga aylantirish.
Gumanitar siyosatning ustuvor yo‘nalishlari rusofobiya kampaniyasiga qarshi turish, rus tilini, rus madaniyatini, sportini, rus pravoslav cherkovini himoya qilish, tarixiy haqiqat uchun kurashish. Lekin aynan qaysi haqiqat uchunligi, bu haqiqatga sobiq Sovet Ittifoqini tiklash maqsadlari kiradimi yo yo‘q, bunisi kosa tagida nima kosaligicha qolgan.
Rossiya o‘ziga va (yoki) ittifoqdoshlariga qarshi qurolli hujumni qaytarish va oldini olish uchun qurolli kuchlardan foydalanishi mumkin. Ammo ko‘rib turibsizki, Rossiyaga nisbatan qurolli hujum qilinmadi, aksincha, Rossiya qurollari Ukrainani nishonga oldi. Bugun urush Rossiya hududida emas, Ukraina tuproqlarida bo‘layotgani ham aynan shunday dalolat beradi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, yangilangan Konsepsiya davlatning o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi amaliy harakatlarining asosini tashkil etadi.
Rossiya tashqi siyosat Konsepsiyasini oxirgi marta 2016 yilda o‘zgartirgan edi. 2022 yil yanvar oyi oxirida Tashqi ishlar vazirligi xalqaro maydondagi o‘zgarishlarni hisobga olishi kerak bo‘lgan yangi hujjat loyihasini yaratdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasimi yo "viloyati"?
28 mart kuni “Yoshlar” telekanali orqali efirga uzatilgan “Biz tomonlarda” ko‘rsatuvida Qoraqalpog‘iston Respublikasi nomi “Qoraqalpoq viloyati” tarzida namoyish etildi. Ushbu holat yuzasidan telekanal jamoasi uzr so‘rab chiqdi.
Keltirilishicha, hozirda ushbu xatolikka yo‘l qo‘yganlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Armiyasi xavfli kengayayotgan Afg‘oniston
Tugayotgan haftada qo‘shni Afg‘onistondagi “Tolibon” Muvaqqat hukumati Qurolli kuchlari sonini 200 ming kishiga yetkazish rejasini e’lon qildi.
“Kelgusi yil harbiy xizmatchilar sonini 150 mingdan 170 mingga oshirishga va asta-sekin 200 mingga yetkazishga qaror qildik”, deydi “Tolibon” armiyasi bosh shtabi boshlig‘i Fasihuddin Fitrat.
2021 yil avgust oyi o‘rtalarida Afg‘onistonda hokimiyat qo‘lga kiritilgan paytda “Tolibon” askarlari soni 100 ming kishiga yetgan edi. 2022 yil fevral oyida esa toliblar o‘z Qurolli kuchlari sonini 150 ming kishiga yetkazish niyatida ekanini ma’lum qilgandi.
“Global Firepower Index” loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston armiyasida 50 ming, Qozog‘istonda 132 ming, Turkmanistonda 22 ming, Tojikistonda 9 ming va Qirg‘izistonda 11 ming harbiy xizmatchi bor. Demak, “Tolibon” armiyasining soni allaqachon Markaziy Osiyo mamlakatlari armiyasinikidan kattaroqdir.
Og‘irlashib borayotgan qarz changali
Iqtisodiyot va moliya vazirligining tugayotgan haftada ochiqlashicha, O‘zbekiston davlat qarzi 2022 yilda rekord darajaga yetib, 29,2 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yilning to‘rtinchi choragida davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,3 foizga ortib, 36,4 foizga yetgan.
2022 yilning oxirgi choragida davlat qarzi 2021 yil bilan solishtirilganda 2,9 mlrd dollarga, uchinchi chorakka nisbatan esa 3,1 mlrd dollarga oshgan.
O‘zbekistonda davlat qarzi 2022 yilda 2017 yilga nisbatan 17,6 mlrd dollarga ko‘paygan.
Oshayotgan oylik, oshayotgan jarimalar
Tugayotgan haftada O‘zbekistonda Ish haqi, pensiya va nafaqalar 7 foizga oshirilmoqda. Faqat pensiya va nafaqalarning oshish muddatini 1 apreldan bo‘lsa, ish haqining oshishi 1 maydan deb belgilangan.
1 maydan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 980 000 so‘m, bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 330 000 so‘m etib belgilandi.
Ammo doimgidek odamlar maoshi oshganini tanida his qilmasidan, qo‘liga oshgan maoshini olmasidan narxlarning ko‘tarilishi boshlandi. Masalan joriy yilning 1 mayidan boshlab yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalarning miqdori oshirilmoqda.
Bu joriy yilning 1 aprelidan bazaviy hisoblash miqdori ortishi bilan amalga oshiriladi. Sababi jarimalar bazaviy hisoblash miqdori bilan belgilangan.
Masalan oddiy kamar taqmaslik uchun avval 150 ming so‘m jarima to‘lagan bo‘lsangiz, endi uning qiymati 165 ming so‘mni tashkil qilyapti. Yoki svetaforning qizil chirog‘ida harakatlanishga 600 ming, telefonda gaplashganlik uchun 900 ming jarima to‘lagan bo‘lsangiz, endilikda bu miqdor mos ravishda 660 ming va 990 ming etib belgilangan. Xullas, bugungacha to‘lab yurgan jarimalaringizni 10 foiz qimmatroq hisoblashni o‘rganavering.
LiveBarchasi