Davlatning birligi uchun kurashayotganlarga tosh otish vaqti emas – Rabbimov Qoraqalpog‘istondagi vaziyat haqida

Jamiyat

image

Har bir millatning, davlatning tarixida, taqdirida murakkab davrlar bo‘ladi. Bugun, O‘zbekiston davlatining, o‘zbek va qoraqalpoq yagona xalqining imtihon kunlari hisoblanadi. Bu haqda siyosatshunos va tahlilchi Kamoliddin Rabbimov Telegram sahifasida yozib qoldirgan. 

“Kelajakda, sizning farzandlaringiz o‘zini qanday his qilishi - bugungi kundagi siz-u bizning qanday o‘ylashimiz va qanday harakatlar qilishimizga bog‘liq! 

Sizning farzandlaringiz parchalangan va ihotalangan, boshqalarga bo‘ysundirilgan davlatchada yashaydimi, yoki mintaqa bilan birlashib, borgan sari qudratli davlatda yashaydimi – bugungi fikrlashimizga va harakatlarimizga bog‘liq! 

Sizni davlatingizni parchalab tashlashni, o‘zlariga bo‘ysundirishni istaydilar! Sizni esa o‘zlariga tobe yoki ikkilamchi millat sifatida ko‘rishni istaydilar. Yana kimlardir sizni timsolingizda o‘zlari uchun raqib ko‘radilar. Sizda raqib ko‘rganlar, ular aql bilan emas, hasad va ehtiros bilan o‘ylaydilar. Sizni tobe ko‘rishni istaganlar, sizda o‘zlari uchun mardikor va xizmatkor ko‘radilar. 

Bu qiyin kunlar o‘tadi. Birodarlar o‘rtasidagi ehtiroslar ketib, iymon va huquq asosidagi birlik qaytadi. Lekin, bugun davlatning va millatning birligi uchun kurashish kerak. Davlatning birligi uchun kurashayotganlarga tosh otish vaqti emas. Davlatning birligi uchun harakat qilayotganlarni qo‘llab-quvvatlash vaqti. Bugun davlatingiz va millatingiz birligi uchun, kelajak avlodlaringizni birligi, xavfsizligi va g‘ururi uchun kurashadigan kunlar!”, deb yozgan Rabbimov. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, kecha, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

430

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing