“Davlatimiz boyiyapti, kambag‘al gadoy bo‘lyapti”. 200 kVt mashmashasi
Jamiyat
−
06 iyul
29053“O‘zbekenergo, 200 kVtlik limitni bekor qilinglar” – bu o‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda uyushtirayotgan fleshmobda yangrayotgan so‘zlar. Unda qatnashganlar soni hozirgacha 100 mingdan oshdi. O‘zbekistonda “svet” narxi oshirilib, unga 200 kVtlik me’yor qo‘yilganiga 2 oy bo‘ldi. O‘tgan vaqt mobaynida odamlarning cho‘ntagidan ortiqcha pul aynan “svet” uchun chiqayotgani bilinib qoldi. Oldinlari elektr energiyasiga bir oy uchun 100 ming to‘laganlar bugunga kelib, 200-300 ming sarflamoqda. Belgilangan me’yor esa ko‘pchilik oilalarning ehtiyojlari uchun kamlik qilmoqda. Buni QALAMPIR.UZ o‘tkazgan so‘rovnomada qatnashgan o‘zbekistonliklar ham tasdiqladi.
Suhbat asnosida elektr energiyasi uchun belgilangan 200 kVt limit yetyaptimi, degan savolga javoban respondentlarning katta qismi ushbu cheklovga qarshiligini, barcha xonadon uchun ham bu limit yetmasligini bildirishdi.
“200 kVt limit yetayotgani yo‘q, barchangizga ma’lum, har bir xonadonda qishin-yozin 1-2 ta konditsioner, 1 ta muzlatkich ishlaydi, tabiiyki 200 kVt dan oshib ketadi. Limit odamlarni qiynaydi, buni yo‘q qilish kerak”, deydi respondentlardan biri.
“O‘zim ham 62 ga kirganman, shunga qaramay ro‘zg‘orga ko‘maklashish uchun ishlayman. Ishdan chiqib uyga borganimda konditsionerdan foydalanaman, 2 kunda 300 kVt ga yaqin “svet” ishlatibmiz. Issiq havoda qiynalyapman. Havo sovitkichlarisiz odamlarning sog‘ligi yomonlashmoqda. Hovlimiz har kuni tozalanadi, shunga qaramay tezda chang bo‘ladi, havo changligidan hovlida o‘tirolmasam, toza havodan nafas ololmasam, uyda konditsionerdan foydalana olmasam, bu nima degan gap?! Men-ku amallarman, mahallamizda turmush sharoiti og‘ir oilalar bor, hattoki nonga ham pul topolmay o‘tirishadi, men bergan qattiq nonlarga “rahmat” deydi. Hammasiga insof bersin. “Svet” narxini tushirishsin, xalq qiynalyapti”, deydi yana bir ishtirokchilardan biri.
“Kim buni qildi? 200 kVt nima degani bu? Bu butunlay haqiqatdan yiroq, limitni 400 kVt qilishsin, undan keyin mayli. Charchadim, pensiyam yetmayapti. Bu chillada konditsioner yoqmasdan o‘tirib bo‘lmaydi, buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz”, deydi yana biri.
To‘liq videoni QALAMPIR.UZ'ning YouTube’dagi sahifasida ko‘rishingiz mumkin.
LiveBarchasi