Davlatga xiyonatda gumonlanayotgan sobiq Prezident Zelenskiyga jiddiy ayblov qo‘ydi
Olam
−
16 yanvar 2022
10792Ukrainaning davlatga xiyonatda ayblanayotgan sobiq Prezidenti Pyotr Poroshenko amaldagi davlat rahbari Vladimir Zelenskiyni diktator bo‘lishga urinishda aybladi. U ertaga, 17 yanvar kuni Vataniga qaytishidan oldin shunday fikr bildirgan.
“Siz diktatorlikka da’vo qilgan har bir odam qo‘l uradigan ishni qilishga harakat qilyapsiz – demokratiyani diktaturaga almashtirmoqchisiz. Siz grechka va “Diya” (“Harakat” – tahr.) orqali ovozlarni sotib olish uchun majoritar tizimni qaytarishni xohlaysiz, chunki bu sizning yagona imkoniyatingiz. Siz ochiq ro‘yxatli saylov tizimini bekor qilmoqchisiz. Siz xuddi 2021 yilgi saylovlardagi kabi demokratiyani yo‘q qilmoqchisiz. Siz parlament saylovlaridan qo‘rqasiz va shuning uchun ularni keyinga qoldirmoqchisiz. Chunki parlament saylovlaridan keyin prezidentlik saylovlarida imkoniyatingiz qolmaydi. Siz esa Poroshenko haqidagi videolavhalar bilan e’tiborni noto‘g‘ri hisob-kitoblaringizdan va o‘z layoqatsizligingiz tufayli mamlakatda yuzaga kelgan keskin vaziyatdan chalg‘itmoqchi bo‘layapsiz”, degan Pyotr Poroshenko Facebook’da.
U shuningdek, 17 yanvar kuni soat 9:10 dagi reys bilan Varshavadan Ukrainaga qaytayotganini ma’lum qilib, buni “Janob Zelenskiy uchun noxush xabar”, deb atagan.
“Albatta, sizdan himoyalanish uchun emas, siz bunga arzimaysiz. Ukrainani himoya qilish uchun. Ukrainani Rossiya tahdididan himoya qilish uchun. Mana, Bryusselda hamma bu nafaqat Ukrainaga, balki butun Yevropaga so‘nggi 30 yildagi eng katta tahdid ekanini aytmoqda. Siz buni tushunmaysiz. Layoqatsiz va ukrain bo‘lmagan hokimiyatlardan himoya qilish uchun. Bekorchilar va korrupsionerlarning hokimiyati”, degan Poroshenko.
Ma’lumot uchun, Ukrainada Poroshenkoni hibsga olish haqida order chiqarilgan. Ukraina xavfsizlik xizmati, bosh tergov bo‘limi boshlig‘i Anatoliy Bunichning so‘zlariga ko‘ra, 2014-2015 yillarda Poroshenko o‘z vakolatlaridan foydalangan holda, Moskvaning bosimi ostida Janubiy Afrika Respublikasi bilan Ukrainaga ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni buzgan holda xomashyoni Donbassdan sotib olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Ukrainaga qarshi qo‘poruvchilik faoliyatiga urinish, ya’ni “vatanga xiyonat qilishning bir shakli hisoblanadi”.
LiveBarchasi