“S&P Global Ratings” agentligi O‘zbekistonning kredit reytingi prognozini “Salbiy”ga o‘zgartirdi

Jamiyat

image

Kecha, 5 iyun kuni “S&P Global Ratings” xalqaro kredit reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasi suveren kredit reytingi bo‘yicha navbatdagi hisobotini e’lon qildi. 

Hisobotda agentlik O‘zbekiston suveren kredit reytingini “BB-” darajada saqlab qolgan va quyidagilarga alohida e’tibor qaratgan:

•    Hukumatning keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishda va iqtisodiyotni modernizatsiya qilishda ilgarilagani e’tirof etilgan; 

•    Mamlakat institutsional islohotlarda muvaffaqiyatga erishayotgani ta’kidlangan. Xususan, “Doing Business”, “Korrupsiyani qabul qilish” indekslari va Jahon bankining boshqaruv ko‘rsatkichlarida mamlakatimizning o‘rni sezilarli darajada yaxshilaganligi e’tirof etilgan; 

•    2019 yilda boshlangan bank sektori islohotlari natijasida bank tizimida dollarlashuv darajasini pasaygani hamda bu o‘z o‘rnida, kredit bozori segmentatsiyasini kamaytirishga qaratilgan choralar bilan uyg‘unlikda Markaziy bankning inflyatsiyani targetlash rejimiga o‘tishiga va monetar siyosatining ta’sirchanligini oshirishiga xizmat qilishi ko‘rsatilgan;

•    Soliq islohotlari natijasida soliq bazasi kengaygani va undirish sur’atlari oshgani hamda davlatda fiskal shaffoflik ortgani qayd etilgan;

•    Respublika uchun davlat ulushiga ega korxonalar islohoti va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmini oshirish hukumat oldida turgan ustuvor vazifa bo‘lib qolayotganiga urg‘u berilgan.

Biroq mazkur hisobotda mamlakatimiz kredit reytingining kutilmasi “Barqaror”dan “Salbiy”ga o‘zgartirildi.

Ushbu “Salbiy” kutilma koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy ta’siri hamda investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun jalb qilinayotgan mablag‘lar hisobiga O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi so‘nggi 12 oy davomida sezilarli o‘sgani bilan izohlangan.

Shu bilan birga, “S&P Global Ratings” tomonidan davlat tashqi qarzi yuqori sur’atlar bilan o‘sishiga qaramay u bilan bog‘liq xatarlar hanuz past darajada ekanligi e’tirof etilgan.

Ma’lumot uchun, dastlabki operativ ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yil 1 iyun holatiga davlat tashqi qarzi 16,9 mlrd. AQSH dollarni yoki Yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 29,2 foizni tashkil etmoqda.

Mavjud tashqi qarzning 11,4 mlrd AQSH dollari yoki 67 foizi hukumat nomidan yoki davlat kafolati ostida davlat korxonalarining investitsion loyiha va dasturlariga jalb qilingan mablag‘lardir.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan 2020 yil 19 may kuni chop etilgan Qarz barqarorligi hisobotida respublikaning qarzga xizmat ko‘rsatish salohiyati yuqori hamda davlat tashqi qarzi hajmi mo‘’tadil darajadaligi e’tirof etilgan.

Qayd etish lozimki, koronavirus pandemiyasi va global inqirozning ta’siri tufayli dunyo bo‘ylab mamlakatlarning kredit reytinglarida salbiy tomonga o‘zgartirishlar kuzatilmoqda. Xususan, yil boshidan beri “S&P Global Ratings” 47 ta mamlakatning suveren kredit reytinglari yoki kutilmalarini salbiy tomonga o‘zgartirdi. 

Hisobotda “S&P Global Ratings” tomonidan quyidagilar kelgusida mamlakatimiz xalqaro suveren kredit reytingiga ijobiy ta’sir etuvchi omillar hisoblanadi:

•    Tashqi qarz o‘sish sur’atlarining o‘rta muddatlarda pasayishi;

•    O‘zbekistonning global iqtisodiyotga integratsiyalashuvi va davlat ulushiga ega korxonalarni isloh qilish natijasida iqtisodiyotning o‘sish salohiyati va barqarorligini yaxshilanishi;

•    Diversifikatsiyalashgan davlat byudjeti daromadlari bazasi va eksport tarkibi.

•    Shu bilan birga, “S&P Global Ratings” tomonidan quyidagilar respublikaning xalqaro suveren kredit reyting baholariga salbiy ta’sir etuvchi omillar sifatida keltirilgan:

•    2023 yilgacha tashqi qarz ortishi tufayli fiskal balansning sezilarli yomonlashuvi hamda tashqi qarzni yanada tezroq o‘sishi; 

•    Davlat ulushiga ega korxonalar holatining zaiflashuvi natijasida davlat majburiyatlarining ortishi;

•    Olib borilayotgan islohotlarga qaramay iqtisodiyotda dollarlashuv darajasining sezilarli o‘sishi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, reyting kutilmasini yaxshilash uchun davlat qarzini makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turish hamda tashqi qarz o‘sishini qat’iy nazorat qilish talab etiladi. 

Qayd etilishicha, Moliya vazirligi tomonidan ushbu maqsadlarga erishish uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, Xalqaro valyuta jamg‘armasining yo‘riqnomasi va ko‘magida, O‘zbekiston Respublikasi yalpi davlat qarzining xavfsiz darajasi Yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 50 foiz miqdorida hisoblandi.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan va uning kafolati ostida 2020 yilda jalb etiladigan tashqi qarz 4 mlrd dollar miqdorida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunida belgilab qo‘yildi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan 2020 yil 19 may kuni chop etilgan hisobotda qayd etilishicha, davlat tashqi qarzining yillik yuqori chegarasi 4 mlrd dollargacha miqdorda belgilansa, o‘rta muddatda O‘zbekiston Respublikasining tashqi qarzi xavfsiz darajada bo‘lishi ta’minlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

S&P Global Ratings kredit reytingi

Baholaganlar

38

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing