Davlat soliq qo‘mitasi Rasul Kusherboyevni sudga berdi
Jamiyat
−
27 aprel 2021
23002Davlat soliq qo‘mitasi va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari Birlashgan kasaba uyushmasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Xidraliyevich Kusherboyev ustidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda qo‘mita Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, bunga Rasul Kusherboyevning “HUMAN UZ” axborot portalidagi “So‘z blogerlarga” ko‘rsatuvining 2021 yil 23 fevraldagi sonida aytgan haqoratomuz so‘zlari sabab bo‘lgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining deputatlik odobi qoidalari 22-bandida, deputat ommaviy axborot vositalarida chiqishda davlat organlari va boshqa organlarning faoliyatiga munosabat bildirganda, ularning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan qo‘pol, haqoratomuz ibora va so‘zlarni qo‘llashga, asossiz ayblovlarga yo‘l qo‘yishga haqli emasligi, agar deputatning bayonotida shunday fikrlar mavjud bo‘lsa deputat o‘z fikrlarining yanglishligi yoki noto‘g‘riligini oshkora tan olishi va kechirim so‘rashi kerakligi belgilangan.
“Yuqoridagilarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 99, 100, 1021 va 1022-moddalari hamda Fuqarolik protsessual kodeksining 33, 189 va 191-moddalariga asosan javobgar Rasul Xidraliyevich Kusherboyev davlat soliq xizmati organlari ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlariga nisbatan ommaviy axborot vositalari orqali raddiya berishi hamda kechirim so‘rashi lozim”, deyiladi xabarda.
Soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, javobgar xatti-harakatlari orqali soliq organlariga 4,6 mlrd so‘m miqdorida ma’naviy zarar yetkazgan. Ushbu ma’naviy zarar undirilgach, “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
LiveBarchasi