Davlat organlariga yil yakunigacha ortiqcha xarajat qilish taqiqlandi

Jamiyat

image

Davlat organlariga joriy yil yakunigacha asosiy vositalarni xarid qilishi hamda bino va inshootlarni ta’mirlashi taqiqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Byudjetlararo munosabatlarni va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.

Qarorga muvofiq, 2022 yilda qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha daromadlar oshirib bajarilgan qismidan hududiy byudjetlarga yo‘naltiriladigan mablag‘larning 40 foizi respublika byudjetida qoldiriladi.

2022 yil 1 maydan davlat organlari va tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalaridan Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratmalar qilish to‘xtatiladi.

Shuningdek, 2022 yilning aprel‒dekabr oylarida davlat organlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalariga kelib tushgan mablag‘larning hamda jamg‘armadagi bo‘sh turgan pullarni bankka joylashtirish orqali olinadigan daromadlarning 15 foizi respublika byudjetiga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, davlat organlari joriy yil yakunigacha asosiy vositalarni xarid qilishi hamda bino va inshootlarni ta’mirlashi taqiqlandi (maktablar, bog‘chalar, tibbiyot va tibbiy-ijtimoiy muassasalari, mehribonlik uylari mustasno).

Yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘ini hisoblashda minoralar, ko‘priklar (estakadalar), rezervuarlar (o‘t o‘chirish inshootlari, sisternalar), bostirmalar, shiyponlar, beton maydonlar va devorlar (bordyurlar) soliq bazasi sifatida ko‘rilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

249

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing