Davlat xizmatlari markazida madaniyatli xizmat ko‘rsatiladi
Jamiyat
−
13 mart 2019
4374Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatida o‘tkazilgan faollar yig‘ilishidan so‘ng, shahridagi Davlat xizmatlari markazi faoliyati bilan tanishdi.
Markazda elektron navbat tizimi joriy etilgan bo‘lib, fuqarolarga yuzdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Notarial xizmatlar, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish, fuqarolik pasportini rasmiylashtirish, haydovchilik guvohnomasini almashtirish va boshqa xizmatlar shu yerning o‘zida amalga oshiriladi.
Mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida bolalar maydonchasi, kafe, kitob javonlari, bepul Wi-Fi tashkil etilgan. Bu yerga kelganlar ulardan foydalanib, kutish vaqtini mazmunli o‘tkazishi mumkin.
Markazga kelolmaydigan hamda olis ovul va mahallalarda yashaydigan aholi uchun maxsus transportlarda joylarga chiqqan holda xizmat ko‘rsatiladi.
Prezident Xalq qabulxonasining markazdagi bo‘limiga kirib, xodimlar bilan suhbatlashdi. Aholi qanday masalalar bo‘yicha murojaat qilayotgani bilan qiziqdi.
Shu yerda Navoiy viloyatida tadbirkorlik, kichik biznes va hunarmandlikni rivojlantirishga doir loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Xususan, eksperiment tariqasida “Navoiy – tadbikorlar viloyati” loyihasi amalga oshiriladi. Bunda tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida ularni ro‘yxatdan o‘tkazishda davlat boji ikki barobar kamaytiriladi. Qator xizmat ko‘rsatish sohalariga imtiyozlar beriladi.
O‘zbekiston rahbari markazda tadbirkorlar uchun xizmatlarni kengaytirish, xususan, ularga yer ajratish, qurilishga ruxsat olish kabi jarayonlarni integratsiyalash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.