Davlat gerbi 29 yoshda. O‘zbekistonning barcha gerblari qanday ko‘rinishda bo‘lgan?
Jamiyat
−
02 iyul 2021
22325Bugun, 2 iyul — O‘zbekiston Davlat gerbi qabul qilingan kun. 1992 yil 2 iyulda “O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzi sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi quyidagicha ko‘rinishga ega: tog‘lar va daryolar, so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan, gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo‘lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz aks ettirilgan.
Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida “O‘zbekiston” deb yozib qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining takrorlanayotgan tasviri, uning katta-kichikligidan qat’i nazar, ushbu Qonunga ilova qilinayotgan rangli va oq-qora tasviriga aniq mos bo‘lishi kerak.
Qonunning 8-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbini hurmat qilishlari shart”, deb belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risidagi qonunchiligini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Darhaqiqat, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 203-1-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 215-moddasida O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Malumot uchun, 1925 yilda tasdiqlangan birinchi O‘zbeksiton SSRning gerbi quyidagi ko‘rinishda bo‘lgan:
gerbning shakli aylana simon, uning chap tomonida paxta tolasi, o‘ng tomonida esa bug‘doy boshoqlari tasvirlangan. Gerbning tepa qismida arab harflari bilan yozilgan so‘zlar mavjud, markazda oltin rangli o‘roq va bolg‘a ramzlari tushurilgan, uning orqa tomonida quyosh porlab turibti, o‘roq va bolg‘a ramzlarining pastki qismida kirill harflari bilan yozilgan O‘zSSR yozuvi o‘rin olgan. Gerbning pastki qimida esa “Barcha mamlakatlar mehnatkashlari birlashing”, degan yozuv tasvirlangan.
1937 yilda yuqoridagi keltirilgan gerbning ayrim joylariga o‘zgartirish kiritilgan. Masalan, arab hariflarida yozilgan so‘zlar va O‘zSSR shiori ya’ni “Barcha mamlakatlar mehnatkashlari birlashing” yozuvlari olib tashlangan. O‘roq va bolg‘a ramzlarining pastki qismida kiril harflari bilan yozilgan O‘zSSR yozuvi lotin harflariga o‘zgartirilgan.
1947 yilda qabul qilingan O‘zbekiston SSRning gerbi 1937 yilda qabul qilingan gerbdan deyarli farq qilmaydi. Faqat gerbning markazida joylashgan oltin rangli o‘roq va bolg‘a ramzlari kumush rangiga o‘zgartirilgan.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr