Davlat Dumasi Qrimning Ukraina SSR tarkibiga o‘tkazilishini noqonuniy deb tan olmoqchi

Olam

image

Rossiya Davlat Dumasiga 1954 yilda Qrimni RSFSR tarkibidan Ukraina SSR tarkibiga o‘tkazish to‘g‘risida qabul qilingan qarorni bekor qiluvchi qonun loyihasi kiritildi. Bu haqdagi tegishli hujjat kecha, 11 mart kuni Duma ma’lumotlar bazasida paydo bo‘ldi. 

Qonun loyihasi mualliflari “Yagona Rossiya” partiyasining ikki vakili – deputat Konstantin Zatulin va Federatsiya kengashi a’zosi Sergey Sekovdir. Ular Qrimning Ukraina SSR tarkibiga o‘tkazilishini noqonuniy, shuningdek, qonun ustuvorligi va xalqaro huquqning asosiy tamoyillariga mos kelmaydigan deb tan olishni hamda tegishli qarorni "konstitutsiyalarni buzgan holda" qabul qilingan "siyosiy jinoyat" deb e’lon qilishni taklif qilmoqda. 

Qayd etish joizki, Zatulin so‘nggi yetti yil ichida uchinchi marta Qrimning Ukrainaga o‘tkazilishini haqiqiy emas deb tan olishni taklif qilgan. Oxirgi marta u buni 2024 yilning fevralida qilgan.

SSSR parchalanganidan keyin Rossiya Ukrainaning hududiy yaxlitligini tan olganiga qaramay, Rossiya Federatsiyasi 2014 yilda Ukrainaning Qrim yarim orolini anneksiya qildi. Bunga javoban G‘arb Moskvaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar kiritdi. Dunyoning deyarli barcha davlatlari hali ham Qrimni Ukrainaning bir qismi deb biladi. Ukraina hukumati mamlakatning barcha hududlarini 1991 yil chegaralari doirasida qaytarish maqsadini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Qrim SSSR

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing