Davlat bayrog‘idan foydalanish shartlari yengillashtirilishi mumkin

Jamiyat

image

“O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyihada davlat bayrog‘iga nisbatan zarur hurmatni ta’minlash sharti bilan quyidagilar taklif etilmoqda:

  • davlat bayrog‘idan umummilliy bayramlar, sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida, madaniy va o‘zga ommaviy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotiraviy sanalarni bayram qilishda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilarning dafn marosimlarida hamda boshqa hollarda, shu jumladan yog‘och dastani (bayroq dastasini) ishlatmasdan foydalanish mumkinligi;
  • bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylari va binolarda, yashash yoki ish joylarida hamda ularga tutash bo‘lgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanishga ruxsat berish;
  • davlat organlarining ramzlarida (bayroq, geraldik belgi) va ularning rasmiy veb-saytlarida davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishga huquqiy asos o‘rnatish;
  • davlat bayrog‘i tasviridan ustki kiyimga bezatish uchun foydalanishga ruxsat berish. 

Shuningdek, davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘linishiga yo‘l qo‘yilmaydigan hollar aniq belgilab berilmoqda. Bunday holatlar sirasiga davlat bayrog‘ini poyabzal, dastro‘mol, ko‘rpa-to‘shak, ichki kiyim-kechakga, sochiqlarga, qutilarga (o‘rovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun mo‘ljallangan buyumlarga bosib chiqarish yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirish, bayroqdan kiyim-kechak, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida, shuningdek buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish, stollarga, o‘rindiqlarga, stullarga to‘shash yoki tasvirlash va undan qoplama sifatida foydalanish, shuningdek o‘tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to‘shash yoki tasvirlash kabilar kiradi.

Bundan tashqari, qonun loyihasida davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijoriy maqsadlarda foydalanish mumkin emasligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Qashqadaryoda bayroqli bitiruv tasmasi osib olgan yigitni IIB xodimlari olib ketgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama va tanqidlarga sabab bo‘lganidan keyin Bosh prokuratura bayonot berib, yigit bu uchun javobgarlikka tortilmasligini ma’lum qilgan. Shuningdek, uni hibsga olgan IIB xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi ham o‘tkazilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Davlat bayrog'i

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing