Damashqdagi kafeda portlash yuz berdi. Qurbonlar bor
Olam
−
18:44 388 2 daqiqa
Kecha, 2 iyul kuni Suriya poytaxti Damashqdagi kafeda portlash yuz berdi. Oqibatda 9 kishi halok bo‘ldi, 20 nafar odam jarohat olgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea Damashq markazida, Adliya saroyi yaqinidagi kafeda sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash kafe ichiga joylashtirilgan qo‘lbola portlovchi qurilma sabab yuz bergan.
Ichki ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, portlovchi qurilma taxminan 1 kilogramm og‘irlikda bo‘lib, metall bo‘laklar bilan to‘ldirilgan. Bu esa portlash oqibatida og‘ir jarohatlar va jiddiy vayronagarchilikka olib kelgan.
“Mazkur portlash 2024 yil oxirida sobiq prezident Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilgach mamlakat boshqaruvini qo‘lga olgan prezident Ahmad ash-Shara hukumati uchun navbatdagi jiddiy xavfsizlik sinovi bo‘ldi. Asad rejimining qulashi 14 yildan ortiq davom etgan fuqarolar urushining amalda yakunlanishiga olib kelgandi”, deyiladi xabarda.
Shundan buyon Damashqda bir qator xavfsizlik bilan bog‘liq hodisalar qayd etilgan. Jumladan, may oyida Mudofaa vazirligi binosi yaqinida sodir etilgan avtomobil portlashi oqibatida bir nafar suriyalik harbiy halok bo‘lgan, kamida 18 kishi esa jarohat olgan.
Rasmiylarga ko‘ra, hujum uchun hozircha hech bir guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. Shunga qaramay, mutaxassislar ISHID terrorchilik guruhi mamlakatdagi beqaror vaziyat va xavfsizlikdagi bo‘shliqlardan foydalanib, yashirin hujayralarini qayta faollashtirishga urinayotganini ta’kidlamoqda. Guruh joriy yil boshida Shara hukumatiga qarshi hujumlarning yangi bosqichini boshlaganini ham e’lon qilgan edi.
Garchi bu guruh 2019 yilda o‘z nazoratidagi hududlarni yo‘qotib, sezilarli darajada zaiflashgan bo‘lsa-da, u hali ham Suriyada qonli hujumlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega ekani qayd etilmoqda. Shu bois Suriya, Iroq va G‘arb rasmiylari uni mamlakat xavfsizligiga tahdid solayotgan asosiy kuchlardan biri sifatida baholamoqda.
Ayni paytda huquq-tartibot organlari portlash yuzasidan tergovni davom ettirmoqda. Hujum ortida kim turgani va uning aniq sabablari hozircha rasman ma’lum qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyaning Idlib shahri yaqinidagi Al-Fua shaharchasida noma’lum qurolli shaxslar tomonidan o‘z mashinasi ichida to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘qqa tutilishi oqibatida o‘zbek jangarilaridan biri halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Mumtozbegim Abdumo‘minova
Live
Barchasi