Dallollik Makronga qoldi. U Putin va Zelenskiy bilan telefonda suhbat o‘tkazdi

Olam

image

Fransiya Prezident Emmanuel Makron Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot o‘tkazib, Donbassdagi keskinlikni muhokama qildi. 

Qayd etilishicha, Makron Putin bilan bir hafta ichida uchinchi, Zelenskiy bilan esa ikkinchi marta telefon orqali muloqot  o‘tkazyapti. Galdagi telefon suhbati Parijning tashabbusi bilan o‘tkazilgan. Prezidentlar Rossiyaning AQSH va NATO bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muzokaralari bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilgan. 

"Ukraina atrofidagi vaziyat va Rossiya Federatsiyasining xavfsizligi uchun uzoq muddatli huquqiy kafolatlarni ishlab chiqish bo‘yicha Rossiya tashabbusi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha mazmunli muloqot davom etdi", deyiladi Kreml xabarda. 

Vladimir Putin fransiyalik hamkasbiga Ukraina rasmiylarining Minsk kelishuvlariga zid bo‘lgan provokatsion bayonotlari va harakatlari haqida ma’lumot bergani aytilmoqda. 

“Vladimir Putin Kiyev rahbariyatining Minsk kelishuvlariga zid bo‘lgan provokatsion bayonotlari va harakatlariga yana bir bor e’tibor qaratdi”, deya ta’kidlaydi Kreml.

Ikki davlat rahbarlari keyingi aloqalarni ham kelishib olganlar.  

Zelenskiy bilan o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida Normand formatida (Germaniya, Rossiya, Ukraina va Fransiya) tinchlik jarayonini faollashtirish masalasi muhokama qilingan. Bu haqda Zelenskiy Twitter’da ma’lum qildi. 

"Biz Emmanuel Makron bilan xavfsizlik muammolariga qarshi kurashish va Normand formati doirasida tinchlik jarayonini faollashtirish bo‘yicha muloqotni davom ettirdik. Biz Ukraina barqarorligini saqlash va moliyaviy-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha keyingi qo‘shma qadamlar haqida kelishib oldik", deydi u. 

Bu ikki yetakchining bir hafta ichida ikkinchi telefon muloqoti. 

Makron ikki davlat rahbarlari bilan telefon suhbatlari chog‘ida Donbass maqomi masalasiga to‘xtalib o‘tgan. 

Fransiya rahbari Yevropada keskinlikni pasaytiradigan va qit’ada xavfsizlikni kafolatlaydigan strategik muvozanatga erishish muhimligini ham ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 fevral kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukrainaga borgan edi. U Prezident Vladimir Zelenskiy bilan muloqot chog‘ida Turkiya Qora dengiz mintaqasidagi ikki qo‘shni do‘st davlat [Ukraina va Rossiya] o‘rtasidagi ziddiyatga barham berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga va yetakchilar [Zelenskiy va Putin] uchrashuvini tashkil etishga yoki texnik muzokaralar uchun platforma taqdim etishga tayyorligini ma’lum qilgandi. 

Shu bahonada Erdo‘g‘an, Turkiyaning Ukraina, jumladan Qrimning hududiy yaxlitligi va davlat suverenitetini qo‘llab-quvvatlash masalasidagi pozitsiyasi o‘zgarmas bo‘lib qolayotganini urg‘ulagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

161

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing