Da Silvadan tanqid eshitgan Tramp braziliyaliklarni jazolashi mumkin
Sport
−
01 avgust 2025 4129 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Braziliya fuqarolari uchun viza berishni taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Ushbu cheklov futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionati davrida ham amal qilishi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, CNN Brasil xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, bu choralar Braziliyada jamoatchilik fikriga mamlakatning amaldagi hukumatiga qarshi bosimni kuchaytirish maqsadida kiritilishi mumkin. Shuningdek, yaqin vaqt ichida Braziliya senatorlarining Vashingtonga qilgan safarida viza bilan bog‘liq cheklovlar allaqachon sezila boshlagani bildirilgan. Ularga viza ancha qisqa muddatga berilgan.
Braziliya futbol konfederatsiyasi hozircha rasmiy bayonot bermasligini ma’lum qilgan. Biroq tashkilot ehtimoliy sanksiyalar haqida xabardor va ilgari hech qachon muxlislar uchun terma jamoani Jahon chempionatida qo‘llab-quvvatlash imkoniyati cheklanmaganini eslatgan holda ularning manfaatlarini himoya qilishga va’da bergan.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. Turnir 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika hududida bo‘lib o‘tadi. Ushbu turnirda tarixda ilk bor O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham qatnashadi.
Eslatib o‘tamiz, Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva ko‘p vaqtdan beri AQSH Prezidenti Donald Trampning harakatlarini tanqid qilib kelmoqda. Xususan, Lula Trampning fevral oyidagi G‘azo sektori bo‘yicha bayonotlarini izohlar ekan, “uni AQSHni boshqarish uchun saylashgan, dunyoni emas”, deb bayonot bergan. O‘shanda Tramp G‘azo aholisini ko‘chirish haqida bir necha bor so‘z yuritgan edi.
Joriy yil may oyida esa Lula Rossiyaga safari chog‘ida Tramp tomonidan joriy etilgan boj stavkalarini tanqid qilib, AQSHga qarshi chiqqan va Moskva bilan hamkorlikni kengaytirish istagini bildirgan.
Iyun oyida esa da Silva Trampga murojaat qilib, uni “kamroq internetda o‘tirishga va ko‘proq davlat rahbari bo‘lishga” chaqirdi. Iyulda ham Braziliya yetakchisi Donald Trampni faqatgina AQSH Prezidenti ekani, dunyo imperatori emasligini aytdi.
Live
Barchasi