COVID-19: JSST xavotirli bayonot bilan chiqdi

Olam

image

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) har hafta COVID-19 infeksiyasining uch-to‘rt million yangi holatlari haqida xabar oladi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu ma’lumotlar jarayonning to‘liq holatini aks ettirmaydi. Shu bilan birga, so‘nggi paytlarda o‘lim ko‘rsatkichlari ham o‘sishni boshlagan. Bu haqda JSST yetakchi epidemiologi Mariya van Kerkxov ma’lum qildi. 

“Biz so‘nggi to‘rt hafta ichida butun dunyo bo‘ylab o‘lim darajasi keskin oshganidan juda xavotirdamiz. “Omicron” “delta”ni juda tez chiqarib tashladi”, degan JSST vakili. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha mamlakatlarda ham “omicron” tarqalishi bilan bog‘liq yangi pandemiya to‘lqini o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqani yo‘q. 

“Omicron” bilan kasallanganda kasallikning kechishi har xil bo‘lishi mumkin. Infeksiya bilan og‘rigan va undan o‘ladigan odamlar ham bor”, deya qo‘shimcha qilgan Mariya van Kerkxov. 

Ta’kidlanishicha, JSST hozirda “omicron”ning to‘rtta versiyasini kuzatmoqda — BA.1, BA.1.1, BA.2 i BA.3. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ulardan eng yuqumlisi BA.2 hisoblanadi. 

Qayd etilishicha, vaksinalar jiddiy kasallikdan himoyalanishning eng ishonchli usuli hisoblanadi. 

“JSST va tashkilot hamkorlari butun dunyo bo‘ylab imkon qadar ko‘proq odamlarni vaksinalar bilan ta’minlashga harakat qilmoqda. Ammo bu yetarli emas. Hayotni saqlab qolish uchun biz nafaqat emlash qamrovini oshirishimiz, balki virus tarqalishini kamaytirish uchun hamma narsani qilishimiz kerak.

Jismoniy masofani saqlash, niqoblar, qo‘l gigiyenasi, xonalarni shamollatish — bu va boshqa choralar hali ham muhim. Faqat tarqalishni to‘xtatish orqali yangi variantlar paydo bo‘lish xavfini kamaytirish mumkin”, deya tushuntirgan JSST vakili. 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 398 519 710 kishi koronavirusga chalingan. 5 770 521 nafar bemor kasallikdan vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

JSST koronavirus

Baholaganlar

603

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing