COVID-19 va jahon – so‘nggi 24 soat ichida qanday hodisalar yuz berdi?
Olam
−
15 aprel 2020
9290So‘nggi 24 soat ichida dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq qanday yangiliklar bor? Qanday voqea-hodisalar yuz berdi? Bularning bari QALAMPIR.UZ’ning 15 aprel kungi dayjestida.
Dunyoda 1 981 239 kishi ayni damda koronavirusga chalingan. Vafot etganlar soni esa 126 681 kishini tashkil etmoqda. Infeksiyadan shifo topayotganlar soni ortgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 486 000 atrofida bemor tuzalgan.
O‘zbekistonda ham ko‘rsatkichlar o‘zgardi. 14 aprel soat 23:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1165 nafarni tashkil qilmoqda. Bugungacha bemorlarning 99 nafari sog‘aydi, 4 nafari vafot etdi. Ayni vaqtda mavjud bemorlar soni 1062 nafarni tashkil etmoqda.
Qozog‘istonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 29 nafarga ko‘paydi. Mamlakatda umumiy hisobda infeksiya bilan bog‘liq 1261 ta holat qayd etilgan. Bemorlarning eng ko‘pi Olma-ota shahriga (364), poytaxt Nur-Sultonga (291) va Qarag‘anda viloyatiga (80) to‘g‘ri kelmoqda.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavushog‘luning ma’lum qilishicha, Anqara BMT Xavfsizlik Kengashining koronavirus tarqalishi atrofidagi vaziyatga kechiktirilgan javobini ko‘rib chiqadi va uni erta isloh qilishga chaqiradi. “O‘ylashimcha, Xavfsizlik Kengashi COVID-19 ga kech munosabat bildirdi. Ular pandemiya ro‘y berganidan deyarli 4 oy o‘tgach, uni muhokama qilish uchun yig‘ilishdi. Bu aqlga sig‘maydi!”, dedi u. Chavushog‘luning fikricha, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining xalqaro muammolarni, xususan, Suriya, Liviya va Yaman masalasini hal qilishdagi samarasiz tajribasi, “Xavfsizlik Kengashiga jiddiy tarkibiy o‘zgartirishlar kiritish” zarurligidan dalolat beradi.
AQSH Mudofaa vazirligi barcha dengiz va yadroviy kuchlarini koronavirus sinovidan o‘tkazadi, dedi Birlashgan shtab boshliqlari raisi general Mark Milli. “Barcha kemalarning ekipajlari 14 kun davomida xavfsiz holatga keltiriladi. Yadro strategik suv osti kemalari va suv osti floti, ayniqsa, yadroviy triadaga alohida e’tibor qaratiladi”, dedi u. Tekshirishlar to‘g‘risida qaror Teodor Ruzvelt avia tashuvchi kemasida koronavirus tarqalishidan keyin qabul qilindi.
Boliviya Prezidenti Janin Anes mamlakatda umumiy karantin va komendantlik soatlari 30 aprelgacha uzaytirilishini e’lon qildi. “Ilmiy kengashning tavsiyalariga binoan karantin 30 aprelgacha uzaytiriladi, ammo 7 kundan keyin biz ushbu choralarning yengillashtirilishi masalasini ko‘rib chiqamiz”, dedi u.
Braziyaliyalik 99 yoshli Ikkinchi jahon urushi faxriysi koronavirusdan shifo topdi. Ernando Armelindo Piveta 13 aprel kuni Braziliadagi kasalxonaga koronavirus tashxisi bilan qabul qilingan va kecha, 14 aprel kuni unga javob berilgan. Faxriyning test javobi chiqishidan avval, salomatligi yaxshiligi bois shifokorlar unga ruxsat bergan.
Dunyoning boshqa mamlakatlarida esa quyidagi holat kuzatilmoqda: Moldoviyada 15 aprelgacha 40 dan ziyod bemor koronavirus tufayli hayotdan ko‘z yumdi. AQSHda esa vafot etganlar soni 25 mingdan oshdi. Rossiya poytaxti Moskva shahrida bu ko‘rsatkich 106 kishini tashkil etmoqda.