COVID-19 va dunyo – 31 mart tunida sodir bo‘lgan yangiliklarning qisqa dayjesti
Olam
−
01 aprel 2020
13224Dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar 750 000 dan ortdi. Bugunga qadar 36 mingdan ziyod kishi vafot etdi. Halqaro sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida 57 610 odam infeksiya yuqtirib olgan, 3301 bemor vafot etgan.
O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni yana 5 nafarga oshdi. Respublikada 1 aprel holatiga ko‘ra, 172 nafar infeksiya yuqtirib olgan bemor bor. O‘lim holati 2 tani tashkil qilmoqda. 8 kishi sog‘aygan.
Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar soni 4 nafarga ko‘payib, umumiy hisobda 340 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning eng ko‘pi Nur-Sulton (178), Olma-ota (82), Qarag‘anda (13) shaharlariga to‘g‘ri kelmoqda.
AQSHda koronavirusdan vafot etganlar soni 3900 nafarga yaqinlashdi. Mamlakatda infeksiya yuqtirib olganlarning umumiy hisobi 188 000 kishidan ortdi. Qo‘shma Shtatlar ushbu ko‘rsatkich bilan dunyoda birinchi o‘rinda ketmoqda.
Rossiya koronavirusga qarshi kurashda AQSHga yordam berish maqsadida tibbiy niqoblar va uskunalar bilan jihozlangan harbiy samolyotini okean ortiga jo‘natdi.
Ukraina hukumati Pasxa bayramiga qadar chet elda qolayotgan yana 200 000 atrofida fuqarosini mamlakatga olib kelishni rejalashtirdi. Ukraina koronavirus sabab mamlakat chegaralarini 27 mart kuni yopgan edi. 16 martdan 31 martgacha 160 000 atrofida urainalik xorijdan vataniga qaytib kelgan.
Gretsiyaning beshta – Kastoriya, Orestida, Nestorio, Ksanti va Miki munitsipalitetlarida komendantlik soati e’lon qilindi. Qarorga ko‘ra, kechki 20:00 dan tonggi 08:00 gacha bo‘lgan vaqt ichida fuqarolarning harakati taqiqlandi.
Litvada 64 tibbiyot xodimi koronavirusga chalindi. Bu mamlakatda koronavirusga chalinganlarning 12 foizini tashkil etadi. Boltiqbo‘yining ushbu davlatida karantin 13 aprelgacha uzaytirilgan. Mamlakatda 533 nafar odam koronavirusga chalingan.
Boshqa mamlakatlarda quyidagi holat kuzatilmoqda: Salvador, Ummon va Kongoda koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi. Braziliyada esa so‘nggi 24 soat ichida 42 kishi koronavirus oqibatida olamdan o‘tdi. Tunis o‘z hududida karantin vaqtini uzaytirdi. Suriya kurdlari infeksiyaga qarshi kurashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
LiveBarchasi