CONCACAF Oltin kubogi: Qatar musobaqani tark etdi, AQSH finalda
Sport
−
30 iyul 2021
2675AQSH mezbonlik qilayotgan CONCACAF Oltin kubogida yarimfinal bahslari bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, AQSH va Meksika musobaqa finaliga yo‘l oldi.
Yarim finalning birinchi uchrashuvida Qatar so‘nggi daqiqalarda to‘p o‘tkazib, mezbonlarga imkoniyatni boy berdi. E’tiborlisi, 61-daqiqada osiyoliklar sardori Hasan al-Haydos penaltidan foydalana olmadi. 86-daqiqa Zardes gol kiritib, amerikaliklarni finalga olib chiqdi.
Ikkinchi yarim final bellashuvining yakuni dramatik tarzda kechdi. Unda Meksika Kanada bilan bahs yuritdi. Pineda meksikaliklarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, Byukenen muvozanatni tikladi. Biroq ikkinchi taymga qo‘shib berilgan 9-daqiqada Ektor Erreraning goli evaziga Meksika g‘alabani ilib ketdi.
Musobaqaning final uchrashuvi 2 avgust kuni bo‘lib o‘tadi. 2019 yilgi musobaqaning finalida ham aynan Meksika va AQSH terma jamoalari to‘qnash kelgan, yakunda esa “Asteklar yurti” vakillari g‘alaba qozongan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Osiyo va Shimoliy Amerika mintaqalarining futbol uyushmalari 2018 yilda dunyoning har ikkala qismida ushbu sport turi o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun strategik hamkorlik o‘rnatdi. Bu kelishuv doirasida Qatar terma jamoasi 2021 va 2023 yilgi CONCACAF Oltin kubogi turnirida ishtirok etishga taklif qilindi.
LiveBarchasi