Chusovitina graffitiga kim yubka “kiygizgan”ini aytdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Inkuzart taxallusi bilan ijod qilayotgan ko‘cha rassomi tomonidan 2021 yil avgust oyida chizilgan gimnastikachi Oksana Chusovitina graffitiga muallif ruxsatisiz o‘zgartirish kiritilgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holatga sportchining o‘zi munosabat bildirdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab graffitga noma’lum shaxslar tomonidan zarar yetkazilgan. Shundan so‘ng, Toshkent shahar hokimligi Oksana Chusovitinaga qo‘ng‘iroq qilib, shahar ma’murlari suratdagi sportchining suzish kiyimiga yubka qo‘shib rasmning buzilgan qismlarini tuzatishga qaror qilganini aytgan. Chusovitina esa rozi bo‘lgan.

“Hurmatli do‘stlarim va muxlislarim! Men sizning har biringizni qadrlayman va hurmat qilaman hamda har qanday vaziyatda ham qo‘llab-quvvatlayotganingizdan xursandman. Sakkizinchi marta Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etib, Yaponiyadan qaytib kelganimdan so‘ng, Chilonzor tumanidagi turar-joy binolaridan birining fasadida muallifi Inkuzart bo‘lgan noodatiy art-ob’ekt paydo bo‘ldi. Bu men uchun va mening chiqishlarimni kuzatib yuradigan, taqdirimga qiziqadigan barcha uchun yoqimli bo‘ldi. Rasm katta rezonansga sabab bo‘lish bilan birga yurtdoshlarimiz tomonidan juda ko‘p ijobiy fikrlar oldi. 

Lekin, afsuski, jamiyatimizda hali ham davlatimizning turli sohalarida, xususan, san’at va sportda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik hamda islohotlar yot bo‘lgan, hayotdagi maqsadi o‘yin-kulgudan iborat, ongi past fuqarolar ham uchrab turibdi. Ularning maqcadi ob’ektlarni buzish, tahqirlash va zarar yetkazishdir.

Men rasmim bilan qilingan ishlarni faqat vandalizm deb atashim mumkin. Shundan so‘ng shahar ma’murlari suzish kiyimimga yubka qo‘shib rasmning buzilgan qismlarini tuzatishga qaror qildi. Shaxsan menga Toshkent shahar hokimligidan qo‘ng‘iroq qildi va bo‘lgan voqeani aytdi. Bunday e’tibor uchun juda minnatdorman. Men esa beparvo fuqarolarga barkamol o‘z-o‘zini rivojlantirishga intilishlarini, ko‘proq mumtoz va ilmiy adabiyotlarni o‘qishlarini, sport bilan shug‘ullanishlarini va ma’naviy jihatdan yuksalishlarini tilayman”, deya yozib qoldirdi sportchi o‘zining Instagram’dagi sahifasiga.

Ma’lumot uchun, Toshkent shahrining Chilonzor tumani ko‘chalaridan biriga chizilgan suratda dastlab Oksana Chusovitina kalta kiyimda, qo‘lida bayroq tutib turgan edi. Ammo bayroqning yarmi chizilgandi, xolos. Ammo kiritilgan o‘zgartirishdan so‘ng, gimastikachining orqa fonidagi bayroq hilpirab, uning ust kiyimi uzunlashgan. 

Eslatib o‘tamiz, sport gimnastikasining tayanib sakrash dasturida O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan afsonaviy sportchi Oksana Chusovitina Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etmoqchiligini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

489

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing