Cho‘ldagi qotillik: Navoiyda janjal bir kishining o‘limi bilan tugadi
3-sahifa
−
31 Oktabr
11063Navoiy viloyati Konimex tumanida fuqaro o‘zaro kelishmovchilik ortidan boshqa bir fuqaroning o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudi tomonidan o‘tkazilgan ochiq sud majlisida bir insonning hayotdan bevaqt ko‘z yumishiga sabab bo‘lgan jinoyat ishi ko‘rilgan. 9 nafar ayblanuvchining 8 nafari hali 30 yoshga to‘lmagan. Ma’lum bo‘lishicha, qotillik sodir etib, bir insonning o‘limiga sabab bo‘lgan ayblanuvchi avval ham bezorilik jinoyati sodir etib, ozodlikni cheklash jazosiga hukm etilgan va bag‘rikenglik tamoyili asosida muddatidan avval jazodan ozod qilingan.
“Bunday bo‘lishini xohlamagandim. Ukamni himoya qilishni istagandim. Otajon, onajon, men qasddan odam o‘ldirmadim. Meni kechiringlar”, dedi sud majlisida fuqaroning o‘limiga sabab bo‘lgan ayblanuvchi.
Xabarga ko‘ra, sudlanuvchi garchi qotillikni qasddan sodir etmaganini aytsa-da, u Konimex tumanining cho‘l hududiga o‘ziga raqib sanagan yigit bilan ko‘cha tilida gaplashib qo‘yish uchun pichoq olib borgan. Uning raqibi ham “uchrashuv joyi”ga 7 yigitni ergashtirib, jami 8 kishi bo‘lib borgan va boz ustiga u ham ov miltig‘i bilan qurollangan. Aholi yashash joyidan uzoqda, cho‘l hududida boshlangan dahanaki jang pichoqbozlikka taqalgach, kimdir osmonga qarata o‘q otgachgina voqeaga nuqta qo‘yilgan.
Hukmga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 277-moddasi tegishli bandlari bilan aybdor deb topilgan 8 nafar sudlanuvchining har biri 1 yildan 3,5 yilgacha ozodlikni cheklash jazosini olgan.
Qotillikda ayblangan sudlanuvchi esa Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qism “l” bandi (Bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirish) va Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qism “a” bandi (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bezorilik) bilan aybli deb topilgan va unga uzil-kesil 15 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida rashk sabab sevgilisini pichoqlab o‘ldirgan 28 yoshli erkak 17 yilga qamalgan edi.
LiveBarchasi