Cho‘chqalarni masjidlarda so‘yilishiga jim turganlar bizdan tashvishlanyaptimi? – Ilhom Aliyev

Olam

image

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bundan 28 yil avval Armaniston bosib olgan va bugun yana Ozarbayjon nazorati ostiga o‘tgan hududlardagi tarixiy xristian ibodatxonalarning taqdiri nima bo‘lishiga aniqlik kiritdi. U bugun G‘arb siyosiy elitasi ayni shu savolni ko‘ndalang qo‘yayotganiga e’tibor qaratdi. Davlat rahbarining qayd etishicha, G‘arb siyosatchilarining ozarbayjonning ishlariga burnini suqishga haqqi yo‘q. 

“Bugun urush tugaganidan so‘ng, G‘arb doiralarining ayrim rahbarlari Ozarbayjon nazorati ostiga o‘tgan, ozod qilingan yerlarda xristian ibodatxonalarining taqdiri nima bo‘ladi, degan savolni ko‘tarmoqda. Ular men bilan suhbatda ham, rasmiy bayonotlarda ham tashvish bildirmoqda. Hech kim tashvishlanmasin, ayniqsa, islomofobik hissiyotlarni qo‘zg‘atadigan, islomiy ziyoratgohlarni tahqirlashga ko‘z yumadigan va hatto ularni tahqirlaganlarni oqlaydigan G‘arb davlatlari rahbarlari. Birinchidan, ularning bu haqda gapirishga haqlari yo‘q.  Ikkinchidan, bizning hududimizdagi barcha cherkovlar – tarixiy merosimizdir”, deydi Prezident Ilhom Aliyev. 

Otasi Haydar Aliyevning vafotidan keyin, 2003 yildan buyon Ozarbayjonni boshqarib kelayotgan Aliyev bugun mamlakatda o‘rnatilgan diniy bayrikenglik siyosatini, hatto, xalqaro tashkilotlar tan olayotganini ham alohida urg‘uladi. U mamlakatda o‘tayotgan xalqaro darajadagi forumlarda bu masalalar atroflicha muhokama qilinishini aytdi. 

Prezidentning qayd etishicha, Ozarbayjonda har yili Baku gumanitar forumi yoki madaniyatlararo muloqot forumi o‘tkaziladi. Shuningdek, jahon diniy rahbarlarining sammitlari bo‘lib o‘tadi. 

“Biz haqimizda nima deyilganiga qarang. Islom hamkorlik tashkiloti Ozarbayjonda islom diniga bo‘lgan munosabatni misol tariqasida keltiradi. Rus pravoslav cherkovi patriarxi Kirill Bakuda bo‘lganida Ozarbayjonda bu sohada olib borilgan ishlarni yuqori baholadi va pravoslav cherkovlariga tashrif buyurdi. Bakuda bo‘lgan Papa Fransisk o‘zining rasmiy nutqida Ozarbayjonda diniy bag‘rikenglik, ko‘p madaniyatlilik haqida gapirdi”, deydi Prezident. 

Ilhom Aliyev so‘zida davom etarkan, xristian cherkovlarning tag‘diri haqida, ayniqsa, bugungacha musulmon olami masjidlariga so‘yilgan cho‘chqalar boshlarini uloqtirib kelayotganlar xavotir bildirmasligini kerakligini uqtirdi. 

“Bu masalada kim bizga da’vo qilishi mumkin? Masjidlarni yopadigan kim? Yoki so‘yilgan cho‘chqalarning boshlarini musulmon masjidlariga uloqtirganlar bizdan tashvishlanyaptimi? Biz uchun biron bir tashvish bildirishning hojati yo‘q. Bizning barcha tarixiy yodgorliklarimiz davlat muhofazasida. Mening topshirig‘imga binoan va davlat mablag‘lari hisobiga hozirgi kunda ikkita pravoslav cherkovi ta’mirlanmoqda, uchinchisi allaqachon ta’mirdan chiqdi. Ma’muriy bino qurilmoqda. Urush paytida Haydar Aliyev jamg‘armasi Udi birodarlarimizning cherkovini ta’mirlab, foydalanishga topshirdi. Kavkaz Albaniyasining cherkovlari – milliy boyligimizdir, jumladan Gruziya cherkovlari, arman cherkovi”.  

Joriy yilning 20 noyabr kuni UNESCO bosh direktori Odre Azulening Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha bayonoti e’lon qilindi. Unda tashkilotning Armaniston va Ozarbayjonga mojaro tugaganidan keyin Tog‘li Qorabog‘ning tarixiy merosini saqlashda yordam berishga tayyor ekani va u yerga bir guruh mutaxassislarni yuborishni rejalashtirayotgani yozilgan. Ilhom Aliyev o‘z nutqida UNESCO’ning tashrifiga tayyorligi, ammo tashkilot kuzatuvchilari eng avvalo Qorabog‘da vayron qilingan tarixiy masjidlarni ko‘zdan kechirishi kerakligini aytadi. 

“Biz UNESCO bilan juda yaqin hamkorlik qilamiz.  Agar ular xristian cherkovlariga borishni istasa,  avval bu yerga kelsin. Kelib, arman vahshiylari bu yerda nima qilganini aytsin”, deydi davlat rahbari.

Prezidentga ko‘ra, Ozarbayjonning ichki ishlariga aralashishga boshqa davlatlarning, ayniqsa, G‘arb davlatlarining haqqi yo‘q.  

“Bir necha yil oldin Minsk guruhiga hamraislik qilayotgan mamlakatlarning elchilari ushbu masjidga tashrif buyurishgan. Ular ikki marotaba faktlarni aniqlash missiyasini o‘tkazdilar va menga Ag‘dam masjidiga tashrif buyurganliklari to‘g‘risida xabar berishdi. Nega o‘shanda bu savolni ko‘tarmadingiz? Nega bu holat ba’zi G‘arb rahbarlari orasida tashvish tug‘dirmadi? Bu shuni anglatadiki, musulmon masjidlarini xorlash, ularda sigir, cho‘chqani saqlash va so‘yish mumkin?! Agar shunday bo‘lsa, buni tan olsinlar. Va ular o‘z mamlakatlaridagi muammolarni hal etishsin, bizning ishimizga burun suqishmasin. Hech kim bizning ishimizga aralashmasin. Biz o‘z kuchimiz bilan shu kunga yetib keldik. Har kim o‘z ishini qilsin. Bizning ishimizga aralashmoqchi bo‘lganlarga biz javob berdik va javob beramiz”, deydi Ilhom Aliyev.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev joriy yilning 23 noyabr kuni vitse-prezident – mamlakat birinchi xonimi Mehribon Aliyeva bilan Ag‘dam shahridagi XIX asrdan qolgan va mustamlaka davarida molxonaga aylantirilgan tarixiy masjidga borib, vayronaga aylangan bino ichiga oyoqyalang kirdi va uning devorlarini o‘pdi. Prezident masjidga Makkadan keltirilgan Qur’oni Karimni sovg‘a qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev

Baholaganlar

523

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing