Shavkat Mirziyoyev Bakuda Ilhom Aliyev bilan uchrashdi
Jamiyat
−
18 may 744 1 daqiqa
Bugun, 18 may kuni Baku shahriga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat avvalida O‘zbekiston rahbari Ozarbayjon yetakchisini Butunjahon urbanizatsiya forumining muvaffaqiyatli tashkil etilgani bilan samimiy tabriklagan.
Avvalgi oliy darajadagi muloqotlar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
Tovar ayirboshlashning ijobiy sur’ati qayd etilgan. Yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 40 foizdan ziyodga oshgan.
Qurilish, tog‘-kon sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyihalarni jadallashtirish hamda birgalikdagi investitsiyalarni, shu jumladan, Qo‘shma investitsiya kompaniyasi mablag‘larini jalb etgan holda yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlangan.
Yetakchilar transportga oid tashabbuslarni amalga oshirish va xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalarini ham muhokama qilgan.
Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ko‘rib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Butunjahon urbanizatsiya forumi 13-sessiyasining Yetakchilar sammitida ishtirok etib bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi